Tokioda Toshkent viloyati delegatsiyasi haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv markazini ochish istiqbollarini muhokama qildi
Noyabr 15, 2026. 10:00 • 2 daq
• 8
TOKIO, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi doirasida Tokio shahrida chet elliklarni kasbga tayyorlash, ularni saralash va ishga joylashtirishga ixtisoslashgan “Onodera User Run” kompaniyasi prezidenti Dzyun Kato bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Yaponiya mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Avvalroq Dzyun Kato O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi “Intil” ta’lim markaziga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etgan edi. U davlat rahbariga o‘zbekistonlik yoshlarni bepul kasb-hunarga o‘qitish, malakasini oshirish va keyinchalik ishga joylashtirish dasturlarini taqdim etgan hamda kompaniyaning rejalari haqida so‘zlab bergan edi.
Bugungi muzokaralar davlat rahbarlari darajasida boshlangan hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mavjud kelishuvlarni aniq investitsiya va ijtimoiy loyihalarga aylantirish, shuningdek, qo‘shma faoliyat geografiyasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
“Onodera User Run” kompaniyasi 2016-yilda Tokio shahrida tashkil etilgan. Bugungi kunda u Filippin, Myanma, Indoneziya, Laos va boshqa davlatlarda kadrlar tayyorlash loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Uning asosiy faoliyati xorijiy fuqarolarni yapon tili va talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, Yaponiyada ishlashga tayyorlash hamda bandligiga ko‘maklashishdan iborat.
Kompaniyaning O‘zbekiston bilan hamkorligi ham izchil rivojlanib bormoqda. 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida “Our Blooming Academy Uzbekistan” ta’lim markazi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, unda yoshlar ovqatlanish sanoati, qariyalarni parvarishlash va haydovchilik ko‘nikmalari bo‘yicha ta’lim olmoqdalar.
Uchrashuvda mazkur tajribani Toshkent viloyatida ham joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, viloyatda yapon ish beruvchilarining talablarini hisobga olgan holda haydovchilarni tayyorlashga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan o‘quv markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi yoshlarning kasb-hunar ta’limi va bandligini ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishi, shuningdek, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi