O‘zbekiston diplomatlari ko‘magida og‘ir xastalikka chalingan hamyurtimiz Fransiyadan davlatimizga qaytarildi
Noyabr 15, 2026. 11:00 • 2 daq
• 15PARIJ, 15-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi va Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda xorijda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan hamyurtimizning Vatanga qaytishiga ko‘maklashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarosi E.L. Yevropaga yuk avtomobili haydovchisi sifatida ishlash uchun borgan. Fransiyadagi xizmat safari chog‘ida uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan. Shundan so‘ng u Lill shahridagi shifoxonalardan biriga yotqizilib, u yerda uzoq vaqt davolangan.
U shifoxonada bo‘lgan vaqt davomida O‘zbekiston diplomatlari bemor, tibbiyot muassasasi hamda uning yaqinlari bilan muntazam aloqada bo‘lib, zarur yordam ko‘rsatib turdi.
Oilasining iltimosiga binoan, 13-noyabr kuni hamyurtimiz O‘zbekistonga olib kelindi. Toshkentga yetib kelgach, u davolanishni davom ettirishi uchun tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.
O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi mamlakatimiz fuqarolarining xorijdagi huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murakkab vaziyatlarga tushib qolganlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.
Diplomatik vakolatxona fuqaroning Vatanga qaytarilishiga o‘z vaqtida amaliy ko‘mak bergani uchun “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi va uning Parijdagi vakolatxonasiga alohida minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

