Yangi O‘zbekiston islohotlari Xitoy jamoatchiligi diqqat markazida
Noyabr 10, 2026. 08:10 • 5 daq
• 166
PEKIN, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pekinda nashr etilgan xitoy tilidagi “O‘zbekiston barqaror taraqqiyot va farovonlik yo‘lida” nomli kitobi xitoylik ekspertlar, ilmiy-akademik hamjamiyat va ishbilarmon doiralar vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pyao Yanfan, ShHT bosh kotibi o‘rinbosari:
– ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari asarlarining nashr etilishi o‘zaro ishonch, teng huquqlilik, sivilizatsiyalar xilma-xilligiga hurmat va birgalikda rivojlanishga intilishga asoslangan “Shanxay ruhi”ga to‘la mos keladi. Hamkorlarning boshqaruv sohasidagi tajribasini o‘rganish ularning modernizatsiya sari mustaqil yo‘llarini yana-da chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyda chop etilgan kitobida O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijalari keng yoritilgan.
E’tiborlisi, kitobning alohida bobi respublikaning ShHT bilan hamkorligiga bag‘ishlangan bo‘lib, Prezident tomonidan tashkilot doirasida ilgari surilgan tashabbuslar siyosiy hamkorlik, xavfsizlik, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni mustahkamlashga qaratilgan.
Sun Veydun, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati bosh kotibi:
– Yangi nashrni Xitoy kitobxonlari uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini anglashda muhim manba deb bilamiz. Shu bilan birga, mazkur asar Yangi O‘zbekistonning milliy taraqqiyot yo‘li hamda uning ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini anglashda muhim ahamiyatga ega.
Kitobda mintaqaviy hamkorlik, xususan, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratilganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim.
Davlat rahbarining ushbu kitobi Xitoy ekspertlar hamjamiyati uchun muhim qo‘llanma bo‘lishiga ishonchim komil. O‘zbekiston xalqiga barqaror taraqqiyot va farovonlik hamda yana-da yuksak marralarni zabt etishini tilayman.
Van Bo, “CAMCE” (China CAMC Engineering Co.) kompaniyasi raisi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning kitobi O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgan Xitoy ishbilarmonlari uchun ham muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ishbilarmonlik muhitining jozibadorligini sezilarli darajada oshirib, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratmoqda.
Xususan, kompaniyamiz Prezident tomonidan yuksak baholangan Olimpiya shaharchasi qurilishi hamda Toshkent va Andijonda chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yirik loyihaga investitsiya kiritgan.
Mazkur loyihalarni Xitoy biznesining Prezident Shavkat Mirziyoyevning “yashil” energetikani rivojlantirish va iqtisodiyotni ekologik transformatsiya qilishga qaratilgan siyosatiga qo‘shgan amaliy hissasi sifatida qarash mumkin.
Mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarning tub mohiyati va strategik ustuvor yo‘nalishlarini yana-da chuqurroq anglash maqsadida kompaniyamizning O‘zbekistonda ishlayotgan xodimlarini ushbu kitob bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.
Li Szigo, XXR TIV huzuridagi Xitoy xalqaro muammolar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga bo‘lgan yondashuvi hamda kitobda aks etgan islohotlar samarasini yuksak baholayman.
Tashqi siyosat sohasida qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi shakllanganini alohida ta’kidlash joiz.
Eng muhimi, mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi O‘zbekistonning jahondagi barcha mamlakatlar bilan barqaror aloqalarini rivojlantirish bilan uyg‘un tarzda kechmoqda.
Fu Syaotsyan, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi direktori:
– Prezident kitobida Yangi O‘zbekiston islohotlarining strategik konsepsiyasi tizimli bayon etilgan. U milliy taraqqiyot, ijtimoiy va tashqi siyosat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yaqqol ko‘rsatib beradi. So‘nggi o‘n yil davomida respublika iqtisodiyotni erkinlashtirish, dunyoga ochiqlik va hayot sifatini yaxshilash omillarini izchil uyg‘unlashtirib kelmoqda.
Barqaror rivojlanish milliy xususiyatlar va aholi manfaatlariga tayanishni talab qiladi. Taqdim etilgan asarni Si Szinpinning davlat boshqaruviga bag‘ishlangan asarlari bilan taqqoslaganda, har bir mamlakatning o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil tanlash huquqini hurmat qilgan holda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan yondashuvlarning mushtarakligini ko‘rish mumkin.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
Syuy Tao, XXR Davlat kengashi huzuridagi Ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari markazi Yevroosiyo ijtimoiy rivojlanish instituti direktori o‘rinbosari:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning muhim chiqishlari, xalqqa murojaatlari hamda xalqaro minbarlar, jumladan, BMT Bosh Assambleyasi va ShHT sammitlarida so‘zlagan nutqlari jamlangan ushbu kitob mazmuniga e’tibor qaratmoqchiman. Mazkur materiallar davlat rahbarining boshqaruv tizimini isloh qilishga oid yondashuvlari izchilligini to‘la anglash imkonini beradi.
XXRning O‘zbekistondagi elchixonasida faoliyat yuritgan kishi sifatida ushbu yurtga bo‘lgan mehrim o‘zgacha. So‘nggi o‘n yillikdagi tarixiy o‘zgarishlarni yuksak qadrlayman.
Eng muhim yo‘nalishlar orasida kambag‘allikni qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Islohotlar sanoat, qishloq xo‘jaligi va madaniyat sohalariga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlamoqda.
Mazkur asar Xitoy–O‘zbekiston do‘stona munosabatlarini yana-da mustahkamlashda yangi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston xalqiga ulkan zafarlar tilayman.
Sun Litsze, XXRning O‘zbekistondagi sobiq elchisi:
– Kitobning xitoy tilida nashr etilishi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash va davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Xitoy jamoatchiligining Yangi O‘zbekiston islohotlari bilan yaqindan tanishishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan o‘zgarishlar ko‘lami va mohiyatini teranroq tushunishga xizmat qiladi.
Pan Dapen, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev kitobining o‘ziga xosligi shundaki, u Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoniga strategik dasturlarning izchil ro‘yobi sifatida qarash imkonini beradi.
Kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini isloh qilish hamda mahalla institutini kuchaytirish orqali hayotga tatbiq etilayotgan insonga yo‘naltirilgan taraqqiyot bu borada hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Vey Rao, “Shenzhen New Industries Biomedical Engineering” kompaniyasi raisi:
– Avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoyevning asari xitoy tilida nashr etilgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Shubhasiz, ushbu kitob xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kitob O‘zbekiston bilan kelgusidagi faoliyatimizda kompaniyamiz uchun dasturiy qo‘llanma vazifasini o‘taydi.
Sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorlik tajribasiga ega kompaniyamiz nomidan aloqalarimizni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanimizni bildirmoqchiman va mamlakat xalqiga kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi