Rossiya OAV O‘zbekistondagi islohotlar haqida yozmoqda
Dekabr 21, 2025. 11:55 • 4 daq
• 389
MOSKVA, 22-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar va xalqaro hamkorlik siyosatiga bag‘ishlangan maqolalar yoritilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Vesti Turizm” saytida “O‘zbekiston – Yevroosiyoning yangi sayyohlik markazi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.
Maqolada taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘zini namoyon etmoqda. Ushbu strategiyada O‘zbekiston azaldan mushtarak madaniy anʼanalar, gumanitar qadriyatlar va yaqin insoniy aloqalar bilan bog‘langan mintaqa – MDH bilan hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Aynan shu omillar sayyohlik almashinuvining barqaror o‘sishi va turizm sohasida qo‘shma tashabbuslarni ishga tushirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
“2024- va 2025-yillarning yanvar–avgust oylaridagi statistik maʼlumotlar sayyohlar oqimining ishonchli o‘sishini yaqqol ko‘rsatmoqda. Xorijiy sayyohlarning umumiy soni 6,7 milliondan 7,5 millionga oshdi, bu o‘rtacha yillik 15–20 foiz o‘sishga to‘g‘ri keladi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha 11 milliondan ortiq xorijiy mehmon kelishi taxmin qilinmoqda. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni mintaqada turizm o‘sishi bo‘yicha yetakchilar qatoriga olib chiqadi”, – deb yozadi “Vesti Turizm”.
Materialda aytilishicha, O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘lining yuragi, sivilizatsiyalar va madaniyatlar chorrahasi bo‘lib, bu zaminda ming yillik tarix va zamonaviy rivojlanish surʼatlari yonma-yon yashamoqda. Mamlakatda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lib, ulardan 209 tasi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan to‘rtta shahar-muzeylarda joylashgan.
Shuningdek, “Dorogi i transport” nashrida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikda MDHning “Transport yo‘laklari” siyosatining ahamiyati xususida maqola eʼlon qilindi.
Maqolada bayon qilinishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakat milliy iqtisodiyotni liberallashtirish, barqaror o‘sish va global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvga yo‘naltirilgan chuqur transformatsiya yo‘lidan dadil bormoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari mamlakat tashqi savdo aylanmasi dinamikasida yaqqol namoyon bo‘ldi. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 60 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir. Respublikaning asosiy savdo hamkorlari Xitoy (umumiy tovar aylanmasining 19 foizi), Rossiya (16 foiz) va Qozog‘iston (6,0 foiz) bo‘lib qolmoqda.
Materialda taʼkidlanishicha, savdo qiymat ko‘rsatkichlarining ijobiy dinamikasi yuk tashish hajmining sezilarli darajada o‘sishida o‘z ifodasini topdi. So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekistonning xalqaro yuk tashish hajmi 2 barobarga oshdi va 2025-yilning 9 oyida qariyb 50 million tonnani tashkil etdi.
Tranzit va eksport-import operatsiyalari hajmining ortib borayotganini hisobga olgan holda mamlakatning transport-logistika salohiyatini yanada oshirish maqsadida zamonaviy va yuqori samarali tranzit-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Geografik jihatdan O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, rivojlangan transport infratuzilmasi bilan uni xalqaro savdo uchun tabiiy xabga aylantiradi. Mamlakatda temir yo‘l va avtomobil yo‘laklari, logistika markazlari, bojxona terminallarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va qo‘shni davlatlar bilan transport bog‘liqligini kuchaytirish, jumladan, BMT, ShHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalarda ishtirok etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda”, – deya fikr bildirilgan maqolada.
MDHga aʼzo mamlakatlarda 250 milliondan ortiq kishi yoki dunyo aholisining qariyb 3 foizi istiqomat qiladi. Bu savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiyalar, innovatsiya va transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish uchun ulkan demografik salohiyatdir.
MDH mintaqasida qariyb 2 million kilometr avtomobil yo‘llari va 150 ming kilometrdan ortiq temir yo‘llar qurilgan bo‘lib, ular mintaqaviy transport bog‘liqligini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu infratuzilmadan foydalanish samaradorligi joriy yuk tashish statistikasida yaqqol namoyon bo‘ladi. 2025-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston va MDH davlatlari o‘rtasidagi umumiy yuk tashish hajmi 44 million tonnadan ortiqni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 15 foizga oshdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va MDH davlatlari o‘rtasida haftasiga 400 dan ortiq muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda, bu esa barqaror yo‘lovchi qatnovini taʼminlab, mintaqaning transport bog‘liqligini mustahkamlamoqda.
“Tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun magistral yo‘llarni jismoniy kengaytirishning o‘zi yetarli emas. Infratuzilma loyihalari bilan birga, bojxona va chegara jarayonlarini raqamlashtirish orqali “yashil yo‘laklar” barpo etish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi kerak. Maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etishgina MDH makonida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi”, deya xulosa qilingan materialda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi