Saida Mirziyoyeva: O‘zbekiston yirik, samarali va sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda
Sentabr 25, 2026. 09:30 • 2 daq
• 33TOSHKЕNT, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkda tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Nyu-Yorkda “BlackRock” rahbariyati – kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, “Global Infrastructure Partners” raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami bilan uchrashdik, – deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining telegram-kanalida. – Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildik. “BlackRock” ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdik.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbarining farmoni bilan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

