Qayrat Saribay: Yangi O‘zbekiston konsepsiyasi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash falsafasi bilan uyg‘undir
Sentabr 25, 2026. 08:10 • 9 daq
• 124
OSTONA, 25-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChK) Bosh kotibi Qayrat Saribay “Dunyo” AAga bergan intervyusida Yangi O‘zbekistonda so‘nggi 10-yil davomida hayotga tatbiq etgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalari va yutuqlari haqida so‘z yuritdi.
– Bu yil Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganiga 10-yil to‘ladi. Ushbu o‘zgarishlarning Markaziy Osiyo va butun Osiyo qit’asida ishonchni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilikni qaror toptirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga ta’sirini qanday baholaysiz?
– Avvalo, Yangi O‘zbekiston konsepsiyasiga poydevor bo‘lgan islohotlar boshlanganining o‘n yilligi munosabati bilan mamlakat rahbariyatini samimiy muborakbod etaman.
OHIChK uchun ochiqlik, pragmatizm va konstruktiv muloqot ayniqsa muhim bo‘lib, ularning uyg‘unligi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarning javob sa’y-harakatlar va ushbu mamlakatlar rahbarlarining birlashgan siyosiy irodasi natijasida bugun Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik va taraqqiyotning haqiqiy uyg‘onish davrini boshdan kechirmoqda.
Barqaror ijobiy dinamika yaqqol ko‘zga tashlanmoqda: o‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda, mintaqaviy hamkorlik sifati sezilarli darajada yaxshilandi, o‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda. Bu jarayonning o‘ziga xos katalizatori Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari bo‘lmoqda.
Ushbu yondashuvning samaradorligini eng murakkab masalalar, jumladan, chegara masalalarini hal etish hamda suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish bo‘yicha konsensus izlab topish jarayoni ham tasdiqlamoqda.
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi OHIChK falsafasi bilan tabiiy tarzda uyg‘unlashgan. Ishonch choralari va xavfsizlikning yagona arxitekturasini mustahkamlash tashkilotimizning tamoyillariga to‘liq mos keladi.
Markaziy Osiyoda o‘zaro hurmat va murosaga tayyorlikni birinchi o‘ringa qo‘yadigan munosabatlarni barpo etishning zamonaviy modeli butun Osiyo qit’asida ishonch choralarini kengaytirish uchun ilhomlantiruvchi namuna bo‘lib xizmat qilishiga ishonchim komil.
– So‘nggi o‘n yil davomida O‘zbekiston qator muhim xalqaro loyihalar tashabbuskori bo‘ldi. Sizning fikringizcha, Toshkentning qaysi tashabbuslari Osiyoda ko‘p tomonlama muloqot va xavfsizlikni mustahkamlash uchun eng katta ahamiyatga ega?
– O‘zbekiston ahamiyati mintaqamiz doirasidan tashqariga chiqadigan muhim tashabbuslarni izchil ilgari surib kelmoqda. Ular orasida Markaziy Osiyoda va undan tashqarida barqarorlikni mustahkamlashga eng sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ikki asosiy yo‘nalish alohida e’tiborga loyiq.
Birinchidan, mintaqaning o‘zida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tinchlikparvar tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda 2025-yilda o‘tkazilgan Farg‘ona tinchlik forumi muhim voqea bo‘ldi. U mintaqaviy birdamlikka bo‘lgan umumiy intilishni namoyon etdi. Mazkur forumning O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston tutashgan hudud – Farg‘ona vodiysida tashkil etilgani ramziy ma’noga ega.
Forum tarixiy Xo‘jand sammitida belgilangan yo‘nalishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu sammit doirasida qo‘shni va birodar davlatlar rahbarlari ahamiyati o‘ta yuqori bo‘lgan chegara shartnomasi va Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edilar.
Erishilgan kelishuvlar yaxshi qo‘shnichilikning mustahkam modelini shakllantirdi va siyosiy iroda hamda ochiq muloqot mavjud bo‘lgan taqdirda eng murakkab masalalar bo‘yicha ham o‘zaro maqbul yechimlarni topish mumkinligini namoyish etdi.
Ushbu qadamlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekiston xalqaro maydonda izchil ilgari surayotgan bunyodkorlik konsepsiyasining dolzarbligini tasdiqlaydi.
Ikkinchidan, mazkur strategik yo‘nalishning davomi sifatida Toshkentning xavfsizlikni ta’minlash bilan uzviy bog‘liq holda o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyatga ega.
Bu jarayonga 2021-yil iyul oyida Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya katta turtki berdi. Keng ko‘lamli forum strategik transport-logistika loyihalarini muhokama qilish va dengiz portlariga yangi koridorlarni ochish bo‘yicha mustahkam konseptual asos yaratdi hamda qator yirik tashabbuslarni birlashtirdi.
Ushbu forumda ishtirok etar ekanman, ilgari surilgan ko‘plab g‘oyalar OHIChK maydonida muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkinligini mamnuniyat bilan qayd etgan edim. Zero, tashkilotimiz Tinch okeanidan O‘rta yer dengizigacha, Shimoliy Muz okeanidan Hind okeanigacha bo‘lgan Osiyo qit’asining turli hududlarini birlashtiruvchi o‘zaro bog‘liqlik megaloyihasidir.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarining global darajadagi mantiqiy davomi va amaliy ifodasi sifatida 2022-yilda BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. OHIChKga a’zo ko‘plab davlatlar mazkur hujjatni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu rezolyutsiya strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ikki mintaqa o‘rtasida iqtisodiy, transport va madaniy aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston rahbariyatining o‘zaro bog‘liqlik jarayonlariga kompleks yondashuvi OHIChK maqsad va vazifalari falsafasi bilan nihoyatda uyg‘un.
Bunday sinergiyaning yaqqol amaliy ifodasi O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti” forumi hisoblanadi. Ushbu noyob va dolzarb maydon savdo integratsiyasi masalalarini yaqin hududlardagi xavfsizlik masalalari muhokamasi bilan birlashtirish imkonini berdi.
Toshkentda OHIChK shafeligida “Tinchlik, bog‘liqlik va barqarorlik: umumiy farovonlik poydevorini shakllantirish” mavzusida Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilgani O‘zbekistonning ikki mintaqani yagona, barqaror iqtisodiy o‘sish hududiga aylantirishga sodiqligini yaqqol namoyon etdi.
O‘zaro bog‘liqlikni keng ma’noda ko‘rib chiqish lozim: gap nafaqat iqtisodiy va moliyaviy integratsiya, balki gumanitar jihatdagi o‘zaro bog‘liqlik va madaniyatlarning o‘zaro boyishi haqida ham bormoqda.
– Bugun O‘zbekiston ochiq iqtisodiyotni shakllantirmoqda va barqaror taraqqiyot, raqamlashtirish hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan kun tartibini faol ilgari surmoqda. O‘zbekistonning OHIChK platformasida ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish borasidagi amaliy hissasi va tashabbuslarini qanday baholaysiz? Ushbu tajriba mintaqa uchun qanday istiqbollarni ochib beradi?
– Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy va texnologik yutuqlari inson kapitalini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratish bilan chambarchas bog‘liq. Bu yondashuv OHIChK faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi. Ular davlatlarning barqaror rivojlanishi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarga, balki jamiyat salohiyatiga – sifatli ta’lim, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv muloqotga ham tayanishini anglashga asoslangan.
2020-yildan buyon Insoniy o‘lchov bo‘yicha hamrais sifatida O‘zbekiston umumiy ishlarga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Birinchidan, OHIChK Ishonch choralari katalogining yaqinda yangilanishi doirasida O‘zbekiston tomoni gumanitar sohada qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi va ular Katalogda muvaffaqiyatli aks ettirildi.
Bunda umuminsoniy qadriyatlarga, xususan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu butun Osiyo uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning mazkur strategik e’tibori keyinchalik OHIChKdagi Ozarbayjon raisligi davrida Xotin-qizlar kengashini tashkil etish bo‘yicha tashabbusning ilgari surilishiga ko‘p jihatdan ko‘maklashdi. Bugungi kunda OHIChK Xotin-qizlar kengashi ilg‘or tajriba almashish va ayollarni mintaqaviy rivojlanish jarayonlariga sifat jihatidan yangi darajada jalb etish uchun ishonchli platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning yoshlar siyosati sohasidagi salmoqli yondashuvini alohida ta’kidlash muhim. Toshkent OHIChK Yoshlar kengashining hamraisi sifatida yoshlarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga faol ko‘maklashmoqda. 2023-yilda Samarqandda o‘tkazilgan Yoshlar kengashining oltinchi yig‘ilishini mamnuniyat bilan eslayman. Ushbu tadbir yoshlarga, ilm-fan va ta’limga tayanish barqaror kelajakka ishonchli investitsiya ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Bu ishlarning mantiqiy davomi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va fuqarolik jamiyatini jalb etishdan iborat. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston OHIChKga a’zo 13 davlatdagi qariyb 200 ta oliy ta’lim muassasasini birlashtirgan Yetakchi universitetlar hamkorlik tarmog‘i (PNLU) Koordinatsiya kengashi a’zosi bo‘lgan Buxoro davlat tibbiyot instituti orqali akademik hamkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bundan tashqari, mamlakatda ko‘ngillilik madaniyati ijtimoiy birdamlikning samarali vositasi sifatida izchil rag‘batlantirilmoqda. Buning yaqqol tasdig‘i sifatida O‘zbekiston delegatsiyasining 2024–2025-yillarda Ostona va Bokuda o‘tkazilgan ko‘ngillilar anjumanlarida faol ishtirok etganini keltirish mumkin. Bundan tashqari, joriy yilda BMT maydonida OHIChK davlatlaridagi ko‘ngillilikka bag‘ishlangan ko‘rgazma muvaffaqiyatli namoyish etildi. Unda O‘zbekistonning ushbu sohadagi yutuqlari ham taqdim etildi.
Raqamlashtirish masalasiga kelsak, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik ham istiqbolli ekanini qayd etish lozim. Toshkent tomonidan taklif etilgan “Xavfsiz va inklyuziv raqamli kelajakni barpo etish” mavzusidagi inson huquqlari bo‘yicha OHIChK yuqori darajadagi forumi muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu forum sentyabr oyining oxirida Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu maydon inklyuziv raqamli kelajakni barpo etish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi bilan inson huquqlarini ta’minlash o‘rtasida zarur muvozanatni topish imkonini berishi kutilmoqda.
Barqaror rivojlanish mavzusi ham alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu masalaga ustuvor ahamiyat qaratib kelmoqda.
Markaziy Osiyo sayyoramizning iqlim o‘zgarishiga eng zaif mintaqalaridan biri ekanini hisobga olsak, Orol dengizi ekotizimiga antropogen ta’sir oqibatlari fonida bunday ekologik tahdidlarni minimallashtirish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishning keskin zarurati yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yo‘ldagi eng muhim qadamlardan biri ko‘kalamzorlashtirishdir. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston shaharlarida OHIChK xiyobonini barpo etish tashabbusi ajoyib g‘oya sifatida ko‘rinadi. Bunyodkorlikka qaratilgan ushbu jarayonni Yangi Toshkentdan boshlash mumkin, deb hisoblayman.
O‘zbekiston ulkan demografik salohiyatga ega. Iste’dodli yoshlarni zamonaviy texnologik jarayonlarga integratsiya qilish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va ta’lim almashinuvlarini kengaytirish OHIChK doirasidagi sherikligimizning so‘zsiz ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning tashkilotimiz shtab-kvartirasi qiyofasiga ramziy hissalaridan biri “Osiyo bog‘i”da o‘rnatilgan noyob ayvon bo‘ldi.
Samarqand ustalarining ushbu ijodi o‘z estetikasi bilan mehmonlarni doimo maftun etib, o‘zbek xalqining boy madaniyatini ifoda etadi hamda Toshkentning OHIChKdagi faol ishtirokining yaqqol dalili bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Kelgusi o‘n yillik haqida gapiradigan bo‘lsak, xalqaro hamkorlikning qaysi yo‘nalishlari O‘zbekistonning jahon maydonidagi mavqeini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi? Shuningdek, ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakat rahbariyati va xalqiga nimalarni tilagan bo‘lardingiz?
– Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi aniq yo‘nalishga ega – bu boy milliy o‘zlikni saqlab qolgan holda va barqaror tinchlikni ta’minlash asosida jahon jarayonlariga integratsiyalashuvdir. Ishonchim komilki, kelgusi o‘n yillikda ochiqlik siyosatini davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va ko‘p tomonlama tuzilmalarda faol ishtirok etish muvaffaqiyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari bo‘lib qoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy kursining mohiyatini aniq ifodalaydigan asosiy g‘oya menga juda ma’qul: insonni barcha narsaning markaziga qo‘yish. Inson davlat siyosatining markazida turgan taqdirdagina oldimizga qo‘yilgan har qanday vazifa muvaffaqiyatli hal etiladi, barcha chaqiriqlar yengib o‘tiladi.
OHIChK Kotibiyati nomidan va shaxsan o‘z nomimdan mamlakat rahbariyati va butun birodar o‘zbek xalqiga tinchlik, farovonlik va tuganmas bunyodkorlik kuch-quvvatini tilayman.
Yangi O‘zbekistonning farovonlik sari ishonchli harakati butun Markaziy Osiyo barqarorligining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘z navbatida, mintaqaning farovonligi butun Osiyo qit’asi xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega.
Ishonchim komilki, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan bunyodkor g‘oyalar keng makonimizda ishonch arxitekturasini mustahkamlashda o‘zining munosib ifodasini topadi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi