Logo

Samarqandda joylashgan yangilangan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilar va sayyohlar uchun muhim markazga aylanmoqda

Mart 23, 2026. 13:00 • 2 daq

7
Samarqandda joylashgan yangilangan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilar va sayyohlar uchun muhim markazga aylanmoqda

SAMARQAND, 23-mart. /“Dunyo” AA/. Samarqand Markaziy Osiyoning eng muhim maʼnaviy va sayyohlik markazlaridan biri sifatida o‘z maqomini yana bir bor tasdiqlamoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan press-tur mamlakatimizning eng yirik maʼnaviy-maʼrifiy va ziyorat markazlaridan biri - 19-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidan boshlandi.

Buyuk islom olimi Imom al-Buxoriy hazratlariga bag‘ishlangan ushbu majmua nafaqat O‘zbekiston tarixida, balki butun musulmon olamida alohida eʼtiborga molik maskan hisoblanadi. Zero, u zot Islom dinida Qurʼoni Karimdan keyingi ikkinchi eng muhim va moʻtabar manba sifatida eʼtirof etilgan hadislar to‘plami - «Sahihul Buxoriy» asarining muallifidirlar.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan majmua to‘liq rekonstruksiya qilinib, allomaning yuksak maʼnaviy maqomiga va mamlakatimizda ziyorat turizmining jadal rivojlanishi natijasida ortib borayotgan ziyoratchilar oqimiga mos ravishda sezilarli darajada kengaytirildi.

Bugungi kunda majmua hududi qariyb 45 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 10 ming nafar namozxonni o‘z bag‘riga oluvchi muhtasham masjid, maʼmuriy binolar, 154 ta ustundan iborat milliy uslubdagi ayvon hamda obod sayrgohlar barpo etildi.

Majmua infratuzilmasiga alohida eʼtibor qaratilib, unga tutash 15 gektar maydonda mehmonxonalar va oilaviy mehmon uylarini o‘z ichiga olgan zamonaviy sayyohlik klasteri barpo etildi.

Ilgari majmua kuniga 12 minggacha ziyoratchini qabul qila olgan bo‘lsa, modernizatsiyadan so‘ng natija besh barobarga kengaydi: kuniga 65 ming kishiga yetdi. Bu Samarqandning ziyorat turizmi markazi sifatidagi salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi.

Mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy sayyohlik markazi, xizmat ko‘rsatish obyektlari, keng avtoturargoh hamda to‘liq yangilangan muhandislik kommunikatsiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur 24 martga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish