Logo

O‘zbekiston Prezidenti Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Raqamlashtirilgan boshqaruv markazida bo‘ldi

Mart 16, 2026. 15:35 • 3 daq

50
O‘zbekiston Prezidenti Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Raqamlashtirilgan boshqaruv markazida bo‘ldi

TOSHKENT, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, “Siemens PCS 7” va “AVEVA PI Vision” platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan ta’minlash, texnologik suv ta’minoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.

Boshqacha aytganda, ushbu markaz fabrikaning o‘ziga xos “miyasi” bo‘lib, yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan.

“Aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sun’iy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi. Bu ma’lumotlarni yagona axborot tizimi orqali tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt orqali, ayniqsa, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini ta’kidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yanada raqamlashtirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.

Qayd etilganidek, kondan ma’dan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda har bir bosqichga sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Sakson yil davomida to‘plangan geologik va marksheyderlik ma’lumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, “Raqamli kon” tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yo‘nalishlarini belgilash imkonini bermoqda.

Sun’iy intellekt asosida karyer yo‘llari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga oshirilgan.

Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida o‘qitish ustuvor vazifalardan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Patent ishlari ko‘lamini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Fabrikadagi har bir bosqichda qo‘llanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovasion yo‘nalishlarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, yangi patent bu – yangi texnologiya, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishi va yangi bozorlar, demak. Mamlakatimizdagi boy xomashyo bazasi jahon bozorlariga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani inobatga olinib, 2026-yilda qaysi istiqbolli yo‘nalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish