Xitoyning Xunan provinsiyasida O‘zbekiston taqdimoti o‘tkazildi
Mart 23, 2026. 12:30 • 2 daq
• 71
CHANSHA, 23ғmart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Xunan provinsiyasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo va investitsiya hamkorligiga bag‘ishlangan biznes-forum o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida tashkil etilgan mazkur forumda Xunan provinsiyasining vazirlik va idoralari, savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralari va yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizdagi investitsion muhit, hududlarning iqtisodiy salohiyati, drayver tarmoqlari, erkin iqtisodiy va sanoat zonalardagi mavjud imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Xitoylik ishtirokchilar O‘zbekiston hududlari bilan iqtisodiy hamkorlik tobora kengayib borayotganiga urg‘u berib, Xunan provinsiyasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar mamlakatimiz bilan savdo va investitsiyalar yo‘nalishlarida aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Xitoy tomoni mamlakatimizning sanoat tarmoqlari bilan hamkorlikni kengaytirish orqali “O‘zbekiston imkoniyatlari+Xunan texnologiyasi+global bozor” ekotizimni yaratish muhim ekanligini qo‘llab-quvvatladi.
Xunan provinsiyasining yirik kompaniyalari bilan o‘tkazilgan G2B va B2B uchrashuvlarda O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish muhokama qilindi.
Xunan provinsiyasi axolisi bo‘yicha Xitoyda 7 o‘rinni va maydoni bo‘yicha 10-o‘rinni egallaydi. Markazi Chansha shahri. Provinsiyada qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati yaxshi rivojlangan. Asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlari sholi, shuningdek tamaki va sitrus mevalari ham katta hajmda yetishtiriladi. Provinsiya foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha Xitoyning asosiy markazlaridan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi