Logo

Samarqandga yana 250 ta elektrobus olib kelinadi

Mart 18, 2026. 15:47 • 3 daq

39
Samarqandga yana 250 ta elektrobus olib kelinadi

TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, davlatimiz rahbarining 2023-yil 17-fevralda qabul qilingan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda ham avtotransport xizmatlari yaxshilanib, jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilmoqda.

Bunda avtobus parklarini zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilish, yo‘nalishlar bo‘ylab ekologik toza avtotransport qatnovini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayni maqsadlarda Samarqand shahriga birinchi bosqichda 49 million dollar hisobiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi. Mazkur “Yutong” rusumli elektrobuslar 30 o‘rinli bo‘lib, umumiy sig‘imi 75 nafar yo‘lovchidan iborat.

Yangi avtobuslar uchun 4 gektarga yaqin maydonda avtosaroy tashkil etilgan. Bu yerdagi elektrobuslarni quvvatlash stansiyasida bir vaqtning o‘zida 50 ta jamoat transportiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Elektrobuslar uchun barpo etilgan yopiq turargohda texnik xizmat ko‘rsatish uchun mobil ta’mirlash texnikasi ham mavjud. Elektrobuslar shaharning 9 ta yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga 70 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yana 250 ta elektrobus xarid qilish nazarda tutilgan. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 120 million dollar mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan. Natijada yoqilg‘i sarfi 32 ming litr, zararli gazlar miqdori 27 tonnaga kamayadi.

Bugungi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi elektrobuslarning olib kelinishi jarayonida esa yana 500 dan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi.

Prezidentimiz yangi avtobuslarni ko‘zdan kechirdi.

– Mazkur sohaning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun elektrobuslarga xizmat ko‘rsatadigan, ularni ta’mirlaydigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerning o‘zida Samarqand shahrida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, avtobuslar harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Prezidentimiz tashrif asnosida mazkur hududga yondosh bo‘lgan Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan yo‘l o‘tkazgichni ham ko‘zdan kechirdi.

Uzunligi 600 metrni tashkil etgan tunnel 12 million dollar hisobiga barpo etilgan, bir kunda o‘rtacha 50 mingta transport vositasini o‘tkazishi mumkin.

Ko‘cha bo‘ylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, yer osti piyodalar yo‘lagi barpo etilgan.

Tunnel Xitoy va Turkiya qurilish kompaniyalari bilan hamkorlikda barpo etildi. Devorlari zamonaviy qurilish texnologiyasidan foydalangan holda burg‘ilash usuli orqali tirgak devorlari barpo etilgan.

Mazkur qurilish transport vositalari harakati to‘xtatilmagan holda olib borildi. Hudud ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish