“The Gulf Observer”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon standartlari darajasida bunyod etilgan
Mart 18, 2026. 15:42 • 2 daq
• 17
ABU-DABI, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Fors ko‘rfazi mintaqasining nufuzli nashrlaridan biri – “The Gulf Observer”da O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi va uning zamonaviy dunyo tartibotidagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, bir yil avval Prezident Shavkat Mirziyoyev markazga tashrif buyurib, ekspozitsiyalarni ilmiy va innovatsion loyihalar bilan boyitish bo‘yicha tarixiy ko‘rsatmalar bergan edi. O‘tgan davr mobaynida 40 dan ortiq davlatdan kelgan mutaxassislar va dizaynerlar davlat rahbarining yuksak g‘oyasi atrofida birlashib, ushbu mega-loyihaning mazmun-mohiyatini jahon standartlari darajasiga olib chiqdi.
Shavkat Mirziyoyev 2017-yil BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Ushbu markaz bugungi kunda nafaqat meʼmoriy obida, balki sivilizatsiyalararo transformatsiya davrida insoniyat uchun zarur bo‘lgan konstruktiv muloqot maydoniga aylandi.
Diniy qadriyatlar siyosiy maqsadlarga qurol qilinayotgan va madaniyatlar o‘rtasida to‘siqlar paydo bo‘layotgan bir paytda, Yevroosiyo markazida bunday majmuaning bunyod etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlagan strategik nigohi samarasidir.
“The Gulf Observer” eʼlon qilingan materialda xalqaro yetakchilarning markaz haqidagi fikrlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu tashabbusni yuksak baholab, Shavkat Mirziyoyevni “muloqot, maʼrifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini tizimli ravishda ilgari surayotgan buyuk rahbar” deb atagan. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev markazni islomofobiyaga qarshi “maʼrifiy qalqon” va islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini namoyish etuvchi maskan sifatida eʼtirof etgan.
Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Serbiya yetakchisi Aleksandr Vuchich va Finlyandiya davlat rahbari Aleksandr Stubblarning hayrat bilan bildirgan fikrlari markazning dunyo miqyosidagi nufuzini yana-da oshiradi.
“Bugun Islom sivilizatsiyasi markazi Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma” va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi zamonaviy dunyoning intellektual xabiga aylanmoqda. Bu yerda tarixiy bilimlar raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashib, milliy meros xalqaro muloqot va o‘zaro anglashuvning mustahkam poydevorini yaratmoqda”, deya fikr bildirilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi