Avazadagi sammitlar – barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiya sari yangi qadam
Oktabr 08, 2026. 08:10 • 5 daq
• 53
TOSHKENT, 8 oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda MDHning navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun uch kunlik amaliy tashrif bilan Turkmanistonga bordi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida 2021-yil 6-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.
O‘shandan buyon mintaqaviy hamkorlik formati sezilarli darajada kengaydi va bugun yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. 2025-yil 16-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ushbu jarayonning muhim bosqichi bo‘lib, uning yakunlariga ko‘ra Ozarbayjon ushbu formatga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shildi.
2026-yil 31-iyul kuni Cho‘lponotada tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi mazkur jarayonning uzviy davomi bo‘ldi. Uchrashuv yakunida Cho‘lponota deklaratsiyasi qabul qilindi.
Avazada kutilayotgan sammit ushbu muloqotni hamda oldingi uchrashuvlar davomida shakllangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘ladi.
O‘tgan yillar mobaynida Maslahat uchrashuvlari formatining mintaqa davlatlarining muntazam siyosiy muloqoti va amaliy hamkorligi uchun barqaror maydonga aylanishi kuzatildi. Avvalgi anjumanlar kun tartibiga izchil kiritib kelingan savdo va investitsiyalar, transport va energetika, sanoat kooperatsiyasi, xavfsizlik, ekologiya hamda gumanitar aloqalar masalalari istiqboldagi sherikning asosini tashkil etadi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning faol ishtirokchilaridan biri sifatida izchil faoliyat yuritib kelmoqda. Aynan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari formati ilgari surilgan edi. Dastlabki shunday uchrashuv 2018-yil 15-mart kuni Ostonada bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni faol rivojlantirdi, oliy darajadagi uchrashuvlarga mezbonlik qildi. Xususan, 2019-yil 29-noyabr kuni Toshkentda ikkinchi Maslahat uchrashuvi tashkil etilgan bo‘lsa, 2025-yil 16-noyabr kuni ushbu formatdagi yettinchi sammit o‘tkazildi.
Oltinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar alohida ahamiyatga ega. Ular orasida O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo – 2040» mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi, 2025–2027-yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» hamda 2025–2027-yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi mavjud.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlarida transport-logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi, Markaziy Osiyo energetika vazirlarining birinchi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha kommyunike hamda Markaziy Osiyo davlatlari transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘yicha Ostona kommyunikesi imzolandi.
Avazada bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda mintaqaviy kun tartibi bilan bir qatorda, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi hamkorlik ham muhim o‘rin egallaydi.
MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 9-oktyabr kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadi. Bo‘lajak sammit Hamdo‘stlik doirasidagi keng ko‘lamli yo‘nalishlar, savdo-iqtisodiy, transport, xavfsizlik, ilmiy-texnikaviy, innovatsion, gumanitar va madaniy aloqalar bo‘yicha sheriklik faol rivojlanayotgan bir sharoitda o‘tkaziladi.
2017-yildan buyon O‘zbekistonning MDH faoliyatidagi ishtiroki tizimli va amaliy tus oldi. Bugungi kunda mamlakatimiz Hamdo‘stlikning barcha ustav idoralari – davlat rahbarlari, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari, mudofaa vazirlari, chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari, iqtisodiy kengashlar va parlamentlararo assambleya yig‘ilishlarida faol qatnashib kelmoqda.
2017–2022-yillarda O‘zbekiston Prezidentining MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishlaridagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlar hamda O‘zbekiston tomonidan bildirilgan tashabbuslarning o‘z vaqtida va to‘laqonli ijrosini ta’minlashga qaratilgan «Yo‘l xaritalari» qabul qilindi.
Mazkur «Yo‘l xaritalari»ni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston sohaviy hamkorlik bo‘yicha 24 ta idoraga qo‘shildi. Natijada mamlakatimiz MDHning 86 ta organidan vazifalari milliy manfaatlarga javob beradigan, O‘zbekiston tomoni uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan 66 ta tuzilmasi faoliyatida ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ham izchil ilgari surmoqda. 2020-yilda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramay, O‘zbekistonning MDHga raisligi doirasida 50 dan ortiq tadbir tashkil etildi. Aynan shu davrda O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan BMT Bosh Assambleyasining «BMT va MDH o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasi 2020-yil 23-noyabr kuni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
2026-yilda MDHga Turkmaniston raislik qilmoqda, O‘zbekiston esa navbatdagi rais sifatida Hamdo‘stlikning bo‘lajak tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rishda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekistonning har ikki formatdagi ishtiroki mamlakatimizning mintaqaviy va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi izchil yondashuvini ifodalaydi. Bir tomondan, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash va Ozarbayjon bilan aloqalarni kengaytirishda qatnashayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, MDH va uning sohaviy tuzilmalari doirasidagi ishtirokini faol rivojlantirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Avazadagi uchrashuv bir yo‘la ikki – mintaqaviy va ko‘p tomonlama darajada muloqotni davom ettirish uchun muhim maydonga aylanmoqda. Ushbu tadbirlar ham Markaziy Osiyo va Ozarbayjon, ham MDH makoni uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hamkorlik yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va rivojlantirish imkonini beradi.
Avazada o‘tkaziladigan tadbirlarning ahamiyati sammitlarning taqvimiy ketma-ketligi bilan cheklanib qolmaydi. Ular yanada chuqur tendensiya – mintaqa davlatlarining tarqoq ikki tomonlama aloqalardan Markaziy Osiyoning mintaqaviy formati hamda MDH doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik bir-biri bilan raqobatlashmay, aksincha, bir-birini to‘ldiradigan ko‘p bosqichli hamkorlik tizimiga o‘tayotganini aks ettiradi.
Aynan shu sababli Avaza navbatdagi uchrashuvlar o‘tadigan manzil emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi arxitekturasi shakllanayotgan maydonlardan biriga aylanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi