“Saudi news”: Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston diniy hamkorlik bo‘yicha Ijro dasturini imzoladi

Avgust 24, 2026. 11:16 • 2 daq

86
“Saudi news”: Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston diniy hamkorlik bo‘yicha Ijro dasturini imzoladi

AR-RIYOZ, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining ommabop “Saudi News” elektron nashrida “Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida diniy hamkorlik: Ijro dasturining imzolanishi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni Islom ishlari, daʼvat va irshod vaziri shayx doktor Abdul Latif bin Abdul Aziz Ol ash-Shayx Jidda shahrida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov bilan qo‘shma Ijro dasturini imzoladi.

Hujjat diniy hamkorlikni mustahkamlash, diniy maʼrifat sohasidagi qo‘shma faoliyatni rivojlantirish hamda moʻtadillik va vazminlik qadriyatlarini ilgari surishga qaratilgan.

Dasturda ikki mamlakat imom-xatiblari, voizlari va muazzinlari uchun o‘quv kurslari o‘tkazish, diniy maʼrifat sohasida tajriba almashish, shuningdek, din arboblarining o‘zaro tashriflarini uyushtirish ko‘zda tutilgan.

Qurʼoni karimga xizmat ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikka, jumladan, O‘zbekiston tomoniga Madinadagi Qirol Fahd majmuasida chop etilgan Qurʼoni karim nashrlari va uning maʼnolari tarjimalarini taqdim etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bundan tashqari, diniy-maʼrifiy faoliyatning zamonaviy shakllarini, jumladan, elektron daʼvatni rivojlantirish, audio va videomateriallar tayyorlash borasida tajriba almashish hamda Qurʼoni karim qiroati bo‘yicha xalqaro anjuman va tanlovlarda ishtirok etish nazarda tutilgan.

Maqolada yozilishicha, dasturning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi diniy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga, bag‘rikenglik, moʻtadillik va tinch-totuv yashash kabi qadriyatlarni targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish