Gonkongda katta fojiaga sabab bo‘lgan yirik yong‘in bo‘yicha yetti kishi va ikki kompaniyaga ayblov e’lon qilindi

Iyun 12, 2026. 17:30 • 2 daq

70
Gonkongda katta fojiaga sabab bo‘lgan yirik yong‘in bo‘yicha yetti kishi va ikki kompaniyaga ayblov e’lon qilindi

GONKONG, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Gonkong hukumati 2025-yil noyabr oyida 168 kishining hayotiga zomin bo‘lgan yirik yong‘in ishi yuzasidan yetti nafar jismoniy shaxs va ikkita kompaniyaga ayblov e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “South China Morning Post” gazetasiga tayanib.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilarga ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirish, jinoiy til biriktirish, pul yuvish, odil sudlovga to‘sqinlik qilish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi jami 25 ta modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, yong‘in 2025-yil 26-noyabr kuni Tay Po tumanidagi “Wang Fuk Court” turar joy majmuasida kelib chiqqan. Olov yettita ko‘p qavatli binoni qamrab olib, Gonkongda so‘nggi o‘n yilliklar ichidagi eng yirik fojiaga sabab bo‘lgan edi.

Tergov ayblanuvchilar majmuani rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaga aloqador bo‘lgani va ish jarayonida turli vazifalarni bajarganini aniqladi. Shuningdek, loyihani nazorat qilgan konsalting kompaniyasi va bosh pudratchi ham ayblovga tortilgan.

Avvalroq, mart oyida politsiya fojiaga aloqadorlikda gumon qilingan 38 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. Ular orasida ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirish va firibgarlikda ayblanganlar ham bor. 

Keyinchalik to‘qqiz nafar shaxsga ayblov e’lon qilindi. O‘sha oyda Gonkongning Korrupsiyaga qarshi kurashish mustaqil komissiyasi (ICAC) poraxo‘rlik va firibgarlik maqsadida til biriktirganlikda gumonlangan yana 23 kishi hibsga olinganini ma’lum qildi.

Yong‘in sabablarini o‘rganayotgan komissiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, fojia yuz bergan kuni inson omili sababli yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimlarining deyarli barchasi ishlamagan.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish