Senat Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi
Oktabr 04, 2026. 11:00 • 2 daq
• 71
TOSHKENT, 4-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Senatning yigirmanchi yalpi majlisida «Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ta’kidlanganidek, mazkur shartnoma «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati doirasida imzolangan birinchi ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanib, Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, shartnomada davlatlarning suveren tengligi, hududiy yaxlitligi, ichki ishlarga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari asosida strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hujjatda siyosiy muloqot mexanizmlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kuchaytirish, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamli texnologiyalar, «yashil» taraqqiyot va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish belgilangan.
Shartnomaning amalga oshirilishi Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini barpo etish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, «Elektron Ipak yo‘li» savdo platformasini rivojlantirish kabi muhim loyihalar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Senatorlarning fikricha, qonun O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport va tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Senatorlar qonunni ma’qulladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi