O‘sh shahrida Temuriylar tarixi davlat muzeyining ko‘chma ko‘rgazmasi ochildi
Oktabr 04, 2026. 11:30 • 2 daq
• 31O‘SH, 4-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Joriy yil 2-oktyabr kuni Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi «Sulayman-Too» davlat tarixiy-arxeologik muzey majmuasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ko‘chma ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur madaniy tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyining 30-yilligiga bag‘ishlab tashkil etildi. Unda ishtirok etish uchun Muzeyning Fondlar va arxiv bo‘limi mudiri Nargis Xolova boshchiligidagi delegatsiya O‘sh shahriga keldi.
Ko‘rgazmada Temuriylar tarixi davlat muzeyi fondidan joy olgan Amir Temur oilasining taniqli namoyondalari portretlarining 50 ga yaqin nusxasi hamda noyob eksponatlar suratlari keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Muzey xodimasi Movluda Xolbo‘tayeva mehmonlar va shahar aholisiga har bir eksponatning tarixiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
Marosim badiiy qismi O‘sh shahridagi Z.M.Bobur nomidagi 43-o‘rta maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari hamda O‘sh davlat o‘zbek akademik musiqali drama teatri san’atkorlari hamkorligida tayyorlangan adabiy-musiqiy dastur bilan boyitildi. Xususan, Bobur g‘azallari ijro etilib, teatr aktyorlari tomonidan shu kunlarda premerasi bo‘lib o‘tgan «Menkim, Bobur» dramatik spektaklidan parcha namoyish etildi.
Tashrif doirasida maxsus seminar ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari muzeyning 30-yillik tarixi, uning fondi va ekspozitsiyasini boyitish borasidagi ishlar, shuningdek, mamlakatimizda muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va restavratsiya jarayonlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘zlab berdilar.
Shu kuni O‘zbekistonlik mehmonlar O‘sh davlat universitetida ham bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida oliy o‘quv yurti qoshidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





