O‘zbekiston senatori Qozog‘iston Qurultoyi deputatlari saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi

Avgust 25, 2026. 15:30 • 2 daq

7
O‘zbekiston senatori Qozog‘iston Qurultoyi deputatlari saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi

TOSHKENT, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov joriy yil 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Qurultoyi deputatlari ilk saylovida MDH Parlamentlararo Assambleyasining xalqaro kuzatuvchilari missiyasi tarkibida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oliy Majlis yuqori palatasi axborot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, senator Qozog‘istonda parlament sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Saylov kuni qator saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonini bevosita kuzatdi.

Kuzatuv davomida saylov komissiyalarining faoliyati, saylov jarayonining belgilangan tartib-taomillarga muvofiq tashkil etilgani, saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar taʼminlanganiga alohida eʼtibor qaratildi.

Kuzatuvlar natijalari ko‘rsatganidek, saylov jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va demokratik tamoyillarga asoslangan holda, qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etilgan. Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy saylov huquqlarini erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Qozog‘iston Qurultoyi deputatlari saylovi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy va siyosiy islohotning muhim bosqichi hisoblanadi. Yangi bir palatali parlament modeli Qozog‘istonda siyosiy tizimni yana-da takomillashtirishga, demokratik boshqaruvni mustahkamlashga, izchil islohotlarni qonunchilik jihatidan samarali taʼminlashga hamda mamlakatning barqaror va izchil taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidentini Qurultoyga saylovlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan telefon orqali tabrikladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish