Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston va Ozarbayjon mustahkam mintaqalararo “Sharq – G‘arb” ko‘prigini barpo etmoqda

Avgust 25, 2026. 14:30 • 3 daq

95
Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston va Ozarbayjon mustahkam mintaqalararo “Sharq – G‘arb” ko‘prigini barpo etmoqda

DUSHANBE, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi yangi Yevroosiyo arxitekturasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi ikki yangi geosiyosiy mintaqa tutashgan hududda barqarorlikning yangi poydevori yaratilganidan dalolat beradi.

Biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda sodir bo‘layotgan yangi jarayonlarning turli talqinlariga duch kelamiz. Bu jarayonni “Katta Markaziy Osiyo” kabi qolipli tushunchalar yoki C6 formati singari mexanik yondashuvlar bilan tushuntirishga harakat qilamiz. Ammo qoliplarni chetga surib, sof siyosiy mantiqni ishga solsak, ko‘z oldimizda butunlay boshqacha manzara namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz suveren davlatlari o‘rtasidagi teng huquqli mintaqalararo hamkorlikning yorqin namunasini ko‘ramiz.

Markaziy Osiyo beshligini Ozarbayjon hisobiga shartli ravishda oltilikka aylantirishga urinish zamonaviy jarayonlarni eski qolip va stereotiplar asosida baholashdir. C5 formati Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi umumiy tarixiy va geografik yaqinlik, suv-energetika manfaatlari hamda sivilizatsiyaviy aloqalarga asoslangan. Ozarbayjon esa Janubiy Kavkazda muhim va kuchli mavqega ega davlatdir.

Voqealarning asl mohiyati shundaki, O‘zbekiston va Ozarbayjon mustahkam mintaqalararo “Sharq – G‘arb” ko‘prigini barpo etmoqda. O‘zbekiston bu yerda aloqalarni birlashtiruvchi faol yadro sifatida, Ozarbayjon esa Kaspiy–Qora dengiz yo‘nalishidagi asosiy g‘arbiy tayanch nuqtasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Bu ikki mustaqil geoiqtisodiy markazning hamkorligi o‘zaro manfaat va suverenitetni hurmat qilishga asoslanadi. O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevroosiyo tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirib, Sharq va G‘arbni o‘z milliy manfaatlari asosida bog‘lashga xizmat qiladigan muhim hamkorlikni shakllantirmoqda.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini Ozarbayjonning Kaspiy infratuzilmasi va Gruziyaning Qora dengiz portlari bilan bog‘lash orqali muhim transport zanjiri shakllanmoqda.

Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati cheklangan Markaziy Osiyo uchun bu jahon bozorlariga yangi va ishonchli yo‘l ochadi. O‘zbekiston o‘z mahsulotlarini turli tashqi yo‘nalishlar orqali bozorlarga yetkazish imkoniyatini kengaytirsa, Ozarbayjon Transkaspiy transport yo‘lagining muhim bo‘g‘ini sifatida bu jarayonda katta rol o‘ynaydi. Natijada, Sharq va G‘arbni bog‘laydigan samarali savdo-transport tizimi yuzaga kelmoqda.

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma esa bu hamkorlikning mustahkam siyosiy va iqtisodiy asosini yaratdi. 500 million dollarlik qo‘shma investitsiya fondi hamda avtomobil sanoatidan qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritayotgan yuzdan ortiq qo‘shma korxona ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar tobora chuqurlashayotganini ko‘rsatadi.

Davlat rahbarlarining bugungi hamkorligi uzoq muddatli maqsadlarga asoslangan. Yangi Toshkent bilan tanishuv va yangi ishlab chiqarish loyihalarining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Ozarbayjon kelajakni bugundan qurishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi shuni yaqqol namoyon etdiki, zamonaviy Yevroosiyoda yangi hamkorlik va taraqqiyot yo‘llari, avvalo, suveren davlatlarning o‘zaro manfaatlari asosida shakllanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish