“The Nation” gazetasi: Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda Markaziy Osiyoda katta tajriba shakllanmoqda
Sentabr 12, 2026. 16:00 • 3 daq
• 93
ISLOMOBOD, 12-sentabr. / “Dunyo” AA/. Pokistonning “The Nation” gazetasida “Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda mintaqaviy yondashuv: Markaziy Osiyo qanday tajriba taklif eta oladi?” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda 8-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi ochilib, 18-sentabrda jahon yetakchilari Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha maxsus tadbir – SDG Moment doirasida to‘planishlari aytiladi.
Qayd etilishicha, bu uchrashuvlar 2030-yilgacha qolgan vaqtda barqaror rivojlanish surʼatini qanday tezlashtirish mumkinligi haqidagi savolni yana kun tartibiga olib chiqadi. BMTning 2026-yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari hisobotiga ko‘ra, tendensiyani baholash uchun yetarli maʼlumot mavjud 139 ta vazifaning atigi 36 foizi rejaga muvofiq yoki o‘rtacha surʼatda ilgarilamoqda.
“Aprel oyida BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiyani qabul qildi, – deyilgan materialda. – Beshta Markaziy Osiyo davlati va 66 ta hammuallif davlat qo‘llab-quvvatlagan hujjat mamlakatlar o‘rtasida muvofiqlashuvni kuchaytirish, BMT agentliklari, jamg‘armalari va dasturlarining faoliyatini mintaqaviy ustuvor vazifalar atrofida uyg‘unlashtirishga chaqirdi”.
Taʼkidlanishicha, bunday yondashuv xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot hamkorlarining bir xil transchegaraviy muammo bo‘yicha turli mamlakatlardagi dasturlarini umumiy natijalar atrofida birlashtirish imkonini beradi. Masalan, suv samaradorligi, toza elektr energiyasi savdosi yoki transport bog‘liqligini yaxshilash kabi bir nechta o‘lchanadigan vazifalarni belgilab, milliy islohotlar va moliyaviy resurslarni shu yo‘nalishlarga muvofiqlashtirish mumkin.
Materialda Markaziy Osiyoda shakllanayotgan tajribadan global BRM tizimi uchun to‘rtta amaliy xulosa chiqarish mumkinligi urg‘ulangan. Birinchidan, mintaqaviy hamkorlik aniq va o‘lchanadigan vazifalarga tayanishi kerak. Ikkinchidan, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari qo‘shma natijani rag‘batlantiradigan mintaqaviy moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirishi maqsadga muvofiq. Uchinchidan, umumiy standartlar va o‘zaro ishlaydigan maʼlumot platformalari mintaqaviy jamoat infratuzilmasining bir qismi sifatida qaralishi lozim. To‘rtinchidan, BMT taraqqiyot tizimi transchegaraviy muammolarda mamlakat dasturlarini umumiy mintaqaviy natijalar doirasida muvofiqlashtirishi mumkin.
“2026-yilgi SDG Moment samara bergan yechimlarni keng miqyosga olib chiqishga urg‘u beradi. Markaziy Osiyoda shakllanayotgan mexanizmlar shu nuqtai nazardan diqqatga sazovor: ular alohida loyihalarni emas, mamlakatlar, byudjetlar, maʼlumotlar va hisobdorlikni bog‘laydigan institutlarni ham rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda”, – deb yozilgan “The Nation” maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi