Sergey Lebedev: O‘zbekiston MDH rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi

Avgust 26, 2026. 08:10 • 7 daq

78
Sergey Lebedev: O‘zbekiston MDH rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi

MOSKVA, 26-avgust. /“Dunyo” AA/. MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi.

– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlamoqda. Mamlakat bu yo‘lni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)dagi hamkorlari bilan birga bosib o‘tdi. Aytingchi, mamlakatimizning MDHdagi o‘rni qanchalik muhim?

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi MDH tashkil topgan davr bilan bir paytga to‘g‘ri keladi. Bu, albatta, bejiz emas. O‘zbekiston MDHni shakllantirish jarayonida faol ishtirok etgan. Mamlakat 1991 yil 21 dekabr kuni Olmaota deklaratsiyasini imzoladi, MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shildi va uning Nizomini qabul qildi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston tashqi siyosat maydonida xorijiy davlatlar bilan keng munosabatlar tizimini shakllantirdi, mintaqaviy va global jarayonlardagi taʼsirini kengaytirdi hamda xalqaro maydonda munosib nufuzga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, respublika MDHdagi sheriklari bilan aloqalarga doimo ustuvor ahamiyat qaratib keldi.

So‘nggi o‘n yillikda mamlakat MDH doirasidagi munosabatlarda faol ishtirok etmoqda. Agar 2016 yilda O‘zbekiston hamdo‘stlik doirasida hamkorlikning 29 ta asosiy yo‘nalishida ish olib borgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 51 ta sohaviy organlarni qamrab olgan. Umuman, O‘zbekistonning tegishli idoralari vakillari Hamdo‘stlik eʼtibor qaratayotgan 66 ta yo‘nalishning barchasida turli maqomlarda faoliyat yuritmoqda.

Bugun O‘zbekiston butun MDH rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi. Mamlakatingiz aholi soni bo‘yicha MDHda ikkinchi, iqtisodiyot hajmi bo‘yicha esa uchinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston rekord darajadagi iqtisodiy o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda.

O‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga, joriy yilning birinchi yarmida esa 8,5 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha O‘zbekiston MDHda Rossiyadan keyin ikkinchi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha esa uchinchi o‘rinni egallaydi.

Albatta, O‘zbekistonning Hamdo‘stlik iqtisodiyotidagi ijobiy o‘sishga qo‘shayotgan hissasi salmoqli. Bu natijalar, avvalo, mamlakat fuqarolarining mehnati, mehnat resurslaridan samarali foydalanish, yangi texnologiya va uskunalarni joriy etish hisobiga taʼminlanmoqda.

– MDHga aʼzo davlat sifatida O‘zbekiston Hamdo‘stlik doirasida samarali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirish tarafdori. Integratsiya jarayonlarida, tabiiyki, iqtisodiyot markaziy o‘rinni egallaydi. Sizningcha, O‘zbekiston MDHning iqtisodiy integratsiya jarayonlarida qanday ishtirok etmoqda?

– O‘zbekiston MDH doirasida hamkorlikni rivojlantirishda eng faol va tashabbuskor ishtirokchilardan biri hisoblanadi. Shuni taʼkidlash kerakki, kelasi yil MDHga O‘zbekiston raislik qiladi. Bundan avval, 2020 yilda ham respublika MDHda asosiy tashkilotchilik vazifalarini muvaffaqiyatli bajargan edi.

O‘zbekistonning birinchi raisligi davrida tashkilotning keyingi yillardagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim hujjatlar qabul qilindi. Bular 2020 yil 18 dekabr kuni qabul qilingan MDHni yana-da rivojlantirish konsepsiyasining yangi tahriri va uni amalga oshirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar rejasi, 2020 yil 29 may kuni tasdiqlangan 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun MDHning iqtisodiy rivojlanish strategiyasidir.

O‘zbekistonning Hamdo‘stlikdagi strategik ustuvor yo‘nalishlari so‘nggi o‘n yillikda o‘zgarmadi. Bu, avvalo, MDH ishtirokchi davlatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli iqtisodiy va boshqa aloqalarni har tomonlama mustahkamlashdan iborat.

Respublikaning MDHdagi deyarli barcha davlatlar bilan munosabatlarini strategik sheriklik sifatida baholash mumkin. Belarus, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan so‘nggi yillarda imzolangan tegishli ikki tomonlama deklaratsiyalar va hujjatlar ham buni tasdiqlaydi.

Aynan O‘zbekiston bir necha yil avval MDH ishtirokchi davlatlarining sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

So‘nggi 10 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 4 barobar oshib, 20 milliard dollardan 81 milliard dollarga yetdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, respublika tashqi savdosining uchdan bir qismi MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. 2026 yilning birinchi yarmida esa bu ko‘rsatkich 37,8 foizga yetdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan eksport operatsiyalari hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. 2023 yilda bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 4,1 foizga, 2024 yilda 11,9 foizga, 2025 yilda esa 19,4 foizga oshdi. Hamdo‘stlik davlatlarida O‘zbekiston tovar va xizmatlariga talab tobora ortib bormoqda. Bu mamlakatda ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ish haqini ko‘paytirish hamda aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilash uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Hamdo‘stlik organlarida O‘zbekiston iqtisodiyot tarmoqlari, davlat boshqaruvi va ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirishga oid qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol ishtirok etmoqda. Mamlakat vakillari innovatsion salohiyatni birgalikda oshirish choralarini ko‘rishga ham katta qiziqish bildirmoqda.

O‘tgan yili Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari sammitida O‘zbekiston Prezidenti mamlakat maxsus iqtisodiy zonalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, startaplar va innovatsiyalarni ilgari surish uchun MDH venchur platformasini tashkil etish rejalarini bildirdi. Shuningdek, MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Joriy yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “MDHning innovatsion sanoati: davlatlararo kooperatsiyaning yangi modeli” nomli forum bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning MDH davlatlari o‘rtasida iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishdagi ishtiroki haqida gapirganda, uning mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlikni faollashtirishga qo‘shayotgan hissasini alohida taʼkidlash kerak. Aynan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yilda Toshkentda MDH ishtirokchi davlatlarining birinchi Hududlar forumi o‘tkazildi. Unda Hamdo‘stlik davlatlari hududiy hokimiyat idoralari va biznes hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

– MDHga aʼzo davlatlar milliy manfaatlarini amalga oshirish va himoya qilishga qaratilgan tashqi siyosat yuritadi. Bu borada O‘zbekistonning pozitsiyasi qanday va mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar MDH faoliyatiga qanday taʼsir ko‘rsatmoqda?

– MDH ishtirokchi davlatlari o‘rtasidagi siyosiy hamkorlik doirasida O‘zbekiston yetakchi o‘rinni egallaydi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan o‘ndan ortiq maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Shunday hujjatlardan biri 2026 yilda qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish” nomli rezolyutsiya bo‘ldi. Bunday qarorlarni qabul qilishda MDH davlatlarining ko‘magi muhim ahamiyatga ega.

Bunday chora-tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirmoqda. Shu bois mamlakatning xalqaro maydondagi ovozi tobora kuchliroq eshitilmoqda.

Mamlakat taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida respublika rahbariyati mintaqaviy tashkilotlar va integratsiya birlashmalarining keng imkoniyatlaridan samarali foydalanishga intilmoqda. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomiga ega, Shanxay hamkorlik tashkilotining faol aʼzosi hisoblanadi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan turli shakllarda hamkorlikni rivojlantirmoqda.

– O‘zbekistonda ochiqlik siyosati amalga oshirilmoqda. Bu xorijiy hamkorlar bilan sheriklik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Aytingchi, respublika tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilgan qaysi ishlar MDH faoliyatida eʼtiborga tushmoqda?

– O‘zbekistonda MDHning umumiy maqsadlari to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rish quvonarli. Yaʼni, mamlakatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga doimiy eʼtibor qaratilmasa, hech qanday iqtisodiy yoki siyosiy faoliyat rivojlanmaydi.

2024 yilda Samarqand shahrida “Hamdo‘stlikning madaniy poytaxtlari” davlatlararo dasturining amalga oshirilishi MDH hayotidagi yorqin voqealardan biri bo‘ldi. Ushbu yirik tadbirda Hamdo‘stlik davlatlarining ijodiy jamoalari va sanʼatkorlari ishtirok etdi. Keyinchalik MDH davlatlari madaniyati, sanʼati va kinosi haftaligi, adabiy-maʼrifiy uchrashuvlar va taqdimotlar, Hamdo‘stlik davlatlari kutubxonachilari konferensiyasi o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “MDH Yoshlar poytaxti” xalqaro loyihasi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. 2024 yilda Toshkent shahrining MDH Yoshlar poytaxti sifatidagi maqomi Hamdo‘stlik mamlakatlari yoshlariga sifatli taʼlim olish, hordiq chiqarish, sport bilan shug‘ullanish, ijodiy faollikni namoyon etish, mehnat qilish va foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

– Bugungi global beqarorlik va nizolar xavfi ortib borayotgan sharoitda xalqaro xavfsizlikka tahdidlar tobora real tus olmoqda. O‘zbekistonning MDHga aʼzo mamlakatlar bilan tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini qanday baholaysiz?

– Tashqi tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha Hamdo‘stlik davlatlarining tegishli idoralari o‘rtasida yaqin munosabatlar o‘rnatilgan. Mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda O‘zbekiston tomonidan bildirilayotgan taklif va tashabbuslar muhim ahamiyatga ega.

Xususan, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan MDH ishtirokchi davlatlarining tashqi chegaralarda xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik dasturi joriy etildi. Ushbu dastur doirasida O‘zbekiston chegara xavfsizligini mustahkamlash va amaliy tajriba almashish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

Jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohalarida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada insonparvarlik xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlardan biri aynan O‘zbekiston tomonidan tashabbus ko‘rsatilib, ishlab chiqildi. Bu – radikal qarashlar va usullarning tarqalishiga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish, ekstremistik faoliyatga jalb etilgan shaxslarning normal hayotga qaytishini taʼminlashga qaratilgan 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan MDH ishtirokchi davlatlarining deradikalizatsiya sohasidagi hamkorlik dasturidir.

Umuman olganda, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga jamiyat hayotining barcha sohalaridagi salmoqli natijalar va kelajakka ishonch uyg‘otadigan istiqbollar bilan qadam qo‘ymoqda. Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik ushbu muvaffaqiyatning muhim tarkibiy qismlaridan biri ekanidan mamnunmiz.

Ushbu qutlug‘ yubiley arafasida O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilaymiz. MDH tomonidan ushbu ezgu tilaklarning amalga oshishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi va buning uchun astoydil harakat qilamiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish