Dunyo okeani harorati tarixiy rekordni yangiladi

Avgust 25, 2026. 20:55 • 2 daq

372
Dunyo okeani harorati tarixiy rekordni yangiladi

LONDON, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Jahon okeani yuzasining o‘rtacha harorati Selsiy bo‘yicha 21,1 darajaga yetib, 1979-yildan beri butun kuzatuvlar davridagi yangi rekordni o‘rnatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Copernicus” iqlim xizmati maʼlumotiga tayanib.

Yangi ko‘rsatkich 2024-yilning mart oyida qayd etilgan 21,09 darajalik avvalgi rekorddan oshib ketdi. Maʼlumotlar maxsus suzuvchi asboblar (buylar), kemalar va sunʼiy yo‘ldoshlar o‘lchovlariga asoslangan. Ular yordamida taxminan 10 metr chuqurlikdagi global okean harorati hisoblab chiqiladi.

“Copernicus” xizmati ushbu rekord okean haroratining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasiga mos kelishi va Tinch okeanidagi El-Ninyo hodisasining kuchayishi fonida yuz berayotganini taʼkidladi.

Olimlar eʼtiborini rekord o‘rnatilgan vaqt tortdi. Odatda, dunyo okeani harorati Janubiy yarimsharda yoz fasli tugaganidan so‘ng, mart yoki aprel oylarida eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi.

“Bu rekord dunyo okeani tobora kuchayib borayotgan bosim ostida qolayotganining yana bir yaqqol belgisidir”, – dedi “Copernicus” direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.

Uning so‘zlariga ko‘ra, El-Ninyo inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan o‘n yillik isish fonida qo‘shimcha haroratni yuzaga keltirmoqda.

El-Ninyo Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismlarida suv sathi haroratining ko‘tarilishi bilan kuzatiladi va odatda dunyo bo‘yicha o‘rtacha haroratning oshishiga olib keladi.

Mutaxassislar ushbu hodisa taʼsiri dekabr oyigacha yanada kuchayishi mumkinligini taʼkidlamoqda. Sautgempton Milliy okeanografiya markazi tadqiqotchisi Jeremi Gristning fikricha, ushbu rekord 2027-yilning mart yoki aprel oylarida yana yangilanishi mumkin.

Yuqori harorat Yevropa qirg‘oqlarida ham kuzatilmoqda. La-Mansh bo‘g‘ozining g‘arbiy qismida dengizdagi issiqlik uch yildan ortiq vaqt mobaynida deyarli uzluksiz saqlanib turibdi, iyul oyida esa suv harorati meʼyordan qariyb 7 darajaga yuqori bo‘ldi.

Olimlar anomal issiqlik tarqalishini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda. Dunyo okeani issiqxona gazlari tufayli to‘planayotgan ortiqcha issiqlikning 90 foizdan ortig‘ini o‘zlashtiradi.

Okeanning isishi ekstremal ob-havo hodisalarining kuchayishiga, dengiz sathining ko‘tarilishiga olib kelmoqda hamda dengiz ekotizimlari va sohilbo‘yi hududlarda yashovchi aholiga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish