Kim Dok Yong: O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Avgust 25, 2026. 10:30 • 2 daq
• 138
SEUL, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “Bomi E&C” kompaniyasi raisi Kim Dok Yong mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Kompaniyamiz va shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Istiqlol yillarida O‘zbekiston Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yurtingizda faoliyat yuritayotgan koreys tadbirkori sifatida mamlakatning xorijiy investorlar uchun ochiqligi, ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va xalqaro sheriklik uchun yangi imkoniyatlarni alohida taʼkidlayman.
“Bomi E&C” kompaniyasi uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Kompaniyamiz faoliyati, xususan, Farg‘ona viloyatidagi eko-siti loyihalarida ishtirok etishi bizga nafaqat ishbilarmonlikni rivojlantirish, balki texnologik modernizatsiya jarayonlarida bevosita qatnashish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va malakali kadrlar tayyorlashga hissa qo‘shish imkonini bermoqda.
O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, intellektual taʼlim, raqamli yechimlar va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni yuksak baholaymiz. Iqtidorli va g‘ayratli yoshlaringiz mamlakat taraqqiyotida asosiy resurs sifatida mehnat qilmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi mamlakatning yanada gullab-yashnashi, ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish yo‘lida yangi bosqich bo‘lsin.
Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari yanada kengayishini tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi