O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Gamburgda feyklarni aniqlashga o‘rgatuvchi o‘yinlarni taqdim etdi

Noyabr 26, 2026. 19:30 • 2 daq

• 41
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Gamburgda feyklarni aniqlashga o‘rgatuvchi o‘yinlarni taqdim etdi
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Gamburgda feyklarni aniqlashga o‘rgatuvchi o‘yinlarni taqdim etdi
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Gamburgda feyklarni aniqlashga o‘rgatuvchi o‘yinlarni taqdim etdi
O‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Gamburgda feyklarni aniqlashga o‘rgatuvchi o‘yinlarni taqdim etdi

GAMBURG, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik bir guruh maktab o‘quvchilari “InfoCheck Central Asia” mintaqaviy loyihasi doirasida Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan “PLAY – Creative Gaming Festival” festivalida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur loyiha yoshlarning mediasavodxonligi va tanqidiy fikrlashini oshirish, shuningdek, raqamli muhitda axborotdan ongli va xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Mahalliy “Sommer in Hamburg” nashrining yozishicha, o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro auditoriyaga o‘z ishlanmalarini taqdim etib, tengdoshlari bilan bunday o‘yinlarni yaratish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. “Game Jam” dasturi doirasida ishtirokchilar jamoalarga bo‘linib, yangi o‘yin g‘oyalarini ishlab chiqdi. O‘quvchilar feyklarga qarshi o‘yinlar ustida ishlagan onlayn mashg‘ulotlarni HAW Hamburg professori Erik Jannot olib bordi. Festivalning alohida ochiq muloqoti esa fuqarolar, kompaniyalar va davlat muassasalarining shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish borasidagi mas’uliyatiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston vakillari nemis tomoni bilan raqamli ta’limda yangi usullarni qo‘llash va ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Gamburgdagi taqdimotga tayyorgarlik Toshkentda boshlangan edi. Joriy yil 12–14-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan mintaqaviy xakatonda 12 ta jamoa tarkibidagi 36 nafar o‘quvchi ta’limga oid o‘yinlarning ilk namunalarini yaratdi. HAW Hamburg mutaxassislari ularga o‘yin ssenariylariga bolalar kundalik hayotda duch keladigan muammolar — soxta xabarlar, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan chalg‘ituvchi tasvirlar va internetdagi ta’qib (kiberbulling) holatlarini singdirishda yordam berdi.

Xakaton yakunlariga ko‘ra, “Scroll” va “Shadow Network” loyihalari keyingi bosqichga saralab olindi. Gyote instituti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyihalarni HAW Hamburg jamoasi bilan birgalikda takomillashtirish va hamkor kutubxonalarda sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu orqali boshqa maktab o‘quvchilari ham tengdoshlari yaratgan o‘yinlar yordamida tarmoqdagi xavfli vaziyatlarni farqlashni o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish