Logo

SHHTda o‘zbek milliy madaniyati e’tirof qilindi

Aprel 18, 2026. 11:30 • 2 daq

54
SHHTda o‘zbek milliy madaniyati e’tirof qilindi
SHHTda o‘zbek milliy madaniyati e’tirof qilindi

PEKIN, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. Pekin shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) kotibiyatida Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan madaniy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tantanada SHHTga a’zo, kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha hamkor davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, Xitoyning vazirlik va idoralari, ilmiy-akademik doiralari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Navro‘zning xalqaro maqomi, xususan, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 21-martning “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilingani va YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani tinchlik va birdamlik ramzi sifatida yuqori baholandi. Bayramning asosiy g‘oyalari – yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch “Shanxay ruhi” tamoyillari bilan hamohang ekani ta’kidlandi.

Delegatsiyalar tomonidan tashkil etilgan milliy ko‘rgazmalar orasida O‘zbekiston paviloni o‘zgacha rang-barangligi va nafis dizayni bilan ajralib turdi. Unda namoyish etilgan so‘zanalar, adras matolari, milliy liboslar va zardo‘zlik namunalari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Ishtirokchilar bayram tadbiri davomida nafaqat o‘zbek hunarmandchiligi durdonalaridan bahramand bo‘ldi, balki milliy kuy-qo‘shiq va raqs namunalarini ko‘rib, kayfiyatini ko‘tardi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish