Shvetsiyalik sayyohlarga O‘zbekistonning turistik yo‘nalishlari taqdim etildi
Oktabr 24, 2026. 10:00 • 2 daq
•STOKGOLM, 24-oktabr. /“Dunyo” AA/. Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida katta yoshli faol sayohatchilarga mo‘ljallangan xalqaro “Senior Travel Show” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy turistik stendi namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki respublika Turizm qo‘mitasining Milliy PR-markazi ko‘magida mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Milliy stendda tashrif buyuruvchilarga mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, jumladan, Buyuk ipak yo‘lining tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent, YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari, shuningdek, madaniy-ma’rifiy, ziyorat, gastronomik va ekoturizm yo‘nalishlari tanishtirildi. Mehmonlarga ingliz tilidagi video materiallar, axborot bukletlari va marshrut xaritalari, shuningdek, milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etildi.
Shvetsiya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz rejim, asosiy turistik markazlar o‘rtasidagi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qatnovi hamda qulay sayohatlarni boy madaniy dastur bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, mehmonlar sayohat qilish uchun eng qulay mavsumlar bilan qiziqib, O‘zbekiston ular uchun xavfsiz, mehmondo‘st va hali ommaviylashmagan yo‘nalish sifatida qabul qilinishini qayd etdilar.
Shvetsiyaning “RESENÄREN” sayyohlik jurnali bosh muharriri Aleksandr Olin va O‘zbekistonning “Avrud Tour” turoperatori vakili hamkorligida O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan alohida taqdimot ham o‘tkazildi.
Ishtirokchilar turistik marshrutlar, transport logistikasi, xizmat ko‘rsatish darajasi va sayohat xarajatlari haqida amaliy ma’lumotlar oldilar, shuningdek, turoperator bilan bevosita bog‘lanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tinglovchilar shaxsiy va guruhli turlar bo‘yicha savollar berib, ayrimlar yaqin sayyohlik mavsumida O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Taqdimot, shuningdek, Shvetsiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini yanada kengroq yoritish uchun zamin yaratdi.
Aleksandr Olinning baholashiga ko‘ra, O‘zbekistonning shvetsiyalik auditoriya uchun jozibadorligi Buyuk ipak yo‘lining noyob merosi, madaniy an’analarning saqlanib qolgani, mehmondo‘stlik, xavfsizlik va hali ommaviy tus olmagan yo‘nalishni kashf etish imkoniyati bilan izohlanadi. Uning fikricha, mamlakatning Shvetsiya sayyohlik bozorida bevosita ishtirok etishi uning sayohat uchun munosib yo‘nalish sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


