“Echodnia”: Polshada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkaziladi
Oktabr 21, 2026. 13:00 • 2 daq
• 88
VARSHAVA, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Echodnia” portalida 22-oktabr kuni Konske shahrida “Ipak yo‘li bo‘ylab O‘zbekistonga sayohat” mavzusida bo‘lib o‘tadigan tadbir xususida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, madaniy markazda tashkil etiladigan uchrashuvda polshalik sayohatchilar Anna va Tomash Xalatsinskiy O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining boy tarixi, betakror me’morchiligi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Sayyohlik yo‘nalishlaridan chetda joylashgan manzillar va mahalliy aholi bilan uchrashuvlar haqidagi hikoyalar ham taqdim etiladi.
Anna va Tomash Xalatsinskiy “Ślady na mapie” (“Xaritadagi izlar”) blogi mualliflari bo‘lib, ular ko‘p yillardan buyon mazmunli sayohat qilish g‘oyasini targ‘ib qilib keladi. Juftlik turli mamlakatlarning mahalliy madaniyatini o‘rganish va aholi bilan muloqot qilishga alohida e’tibor qaratadi. Ular Kelse xalqaro ko‘rgazmalar markazi tomonidan tashkil etiladigan “Slow Travel” sayohatlar ko‘rgazmasining bir necha bor elchilari bo‘lgan.
Anna Xalatsinskiy Sventokshis voyevodligi mintaqaviy turizm tashkilotida turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha mutaxassis sifatida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, u “Pracownia pod Kasztanem” ijodiy studiyasida dizaynerlik bilan shug‘ullanadi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini Polsha jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi