Singapur 2030-yilgacha SI tadqiqotlariga bir milliard Singapur dollaridan ortiq sarmoya kiritadi
Yanvar 26, 2026. 16:44 • 59 soniya
• 41
TOSHKENT, 26-yanvar. /“Dunyo” AA/. Singapur hukumati milliy salohiyatni mustahkamlash va mamlakatning global raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 2030-yilgacha sunʼiy intellekt sohasidagi davlat tadqiqotlariga bir milliard Singapur dollaridan ortiq (taxminan 779 million AQSh dollari) sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Reuters” agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, moliyalashtirish ustuvor yo‘nalishlarga, jumladan, masʼuliyatli va resurslarni tejaydigan sunʼiy intellekt (SI)ni ishlab chiqish, kadrlarni tayyorlash va rivojlantirish – oliy o‘quv yurtigacha bo‘lgan darajadan tortib ilmiy-pedagogik kadrlargacha yo‘naltiriladi.
Qayd etilishicha, mablag‘larning bir qismini iqtisodiyotning turli tarmoqlarida SI texnologiyalarini joriy etish va amalda qo‘llashga ko‘maklashuvchi imkoniyatlarni shakllantirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Ushbu tashabbus Singapurning SI sohasiga davlat investitsiyalari seriyasini davom ettiradi. Xususan, 2024-yilda mamlakat davlat va xususiy sektorlarda sunʼiy intellekt innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yuqori samarali hisoblash resurslarini rivojlantirishga 500 million Singapur dollari ajratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Dunyo” AA O‘zbekistonda sunʼiy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edi. Hujjat SIni rivojlantirishning huquqiy asoslarini shakllantirish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, bu qator xorijiy mamlakatlarda amalga oshirilayotgan umumjahon amaliyoti va yondashuvlariga mos keladi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
