Logo

Yaponiyadan munosabat: O‘zbekistonlik ishchilar uchun oyiga kamida 2 ming dollar maosh berishni asosiy shart sifatida belgilaganmiz

Yanvar 22, 2026. 09:48 • 3 daq

80
Yaponiyadan munosabat: O‘zbekistonlik ishchilar uchun oyiga kamida 2 ming dollar maosh berishni asosiy shart sifatida belgilaganmiz

TOSHKENT, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning yirik “Proud & Partners” kompaniyasi prezidenti Ryuji Suzuki “Dunyo” AA O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari va kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi:

– Kompaniyamiz Yaponiya iqtisodiyotining turli sohalariga xorijiy davlatlardan ishchi kuchini tizimli va qonuniy tarzda jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunga qadar 5 ming nafarga yaqin xorijiy fuqarolarni Yaponiya mehnat bozoriga olib kirishga muvaffaq bo‘ldik.

Yaponiyada demografik inqiroz oqibatida logistika, qurilish kabi asosiy tarmoqlarda ishchi kuchi yetishmasligi jiddiy ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda. Shu munosabat bilan kompaniyamiz tayyor ishchi kuchini jalb qilish emas, balki ularni o‘z davlatlarida maxsus til va kasbga tayyorlash markazlari orqali o‘qitish, malakasini oshirish va aniq ish o‘rinlari bilan taʼminlash tamoyili asosida faoliyat yuritadi.

Ushbu loyiha doirasida, avvalo, yuk avtomobili haydovchilarini tayyorlash yo‘nalishida ish boshladik. O‘zbekiston fuqarolari uchun oyiga kamida ikki ming AQSh dollari va undan yuqori maosh taklif etishni asosiy shart sifatida belgilaganmiz.

Shu bilan birga, mazkur loyihani tayanch nuqta sifatida qabul qilgan holda, faoliyat yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich kengaytirishni ham rejalashtirganmiz. Xususan, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti bilan hamkorlikda umumiy ovqatlanish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash dasturi yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki bosqichda yuz nafarga yaqin kadrlarni tayyorlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda qurilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha rejalar ishlab chiqilmoqda va kelgusida ushbu yo‘nalishlarni yanada kengaytirish niyatidamiz.

Dastlab, ushbu loyihani taxminan yuz nafar ishtirokchi bilan amalga oshirishni rejalashtirgan edik. Biroq, O‘zbekistonda amalda joriy etilgan tizim, kadrlar salohiyati hamda mamlakatning kelajak istiqbollari bilan yaqindan tanishish jarayonida ushbu hamkorlikning ulkan imkoniyatga ega ekaniga ishonch hosil qildik. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini kompaniyamiz faoliyati misolida bevosita his etdik.

Natijada, ko‘plab yapon kompaniyalariga ishonch bilan aniq takliflar kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ayni paytda taxminan 500 nafar kadrni tayyorlash bo‘yicha ishlar amaliy bosqichga o‘tdi. Kelgusida esa 5 ming nafargacha bo‘lgan keng ko‘lamli tashabbusni ham amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Kompaniyamiz faoliyati faqat kadrlarni tayyorlash va ish beruvchilar bilan bog‘lash bilan cheklanib qolmaydi. Biz O‘zbekistondan tayyorlangan mutaxassislarni qabul qilgan yapon kompaniyalariga ushbu kadrlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yangi biznes yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish jarayonida ham har tomonlama ko‘mak ko‘rsatamiz. Asosiy maqsadimiz — inson omiliga tayanilgan holda barqaror biznes hamkorlik zanjirini shakllantirish va har ikki davlat uchun manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdir.

Ushbu tashabbus orqali O‘zbekiston xalqi farovonligi, mamlakat taraqqiyotiga ijobiy hissa qo‘shish maqsadida barcha saʼy-harakatlarimizni yuksak masʼuliyat va samimiyat bilan safarbar etamiz.

O‘z faoliyatimiz orqali O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, inson resurslari va savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro hamkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish