Pokiston OAV: Yangi O‘zbekiston Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlikning yangi meʼmori
Avgust 19, 2026. 17:00 • 2 daq
• 128
ISLOMOBOD, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan State Time” gazetasi, “Daily The Azb” va “Imroze Pakistan”onlayn nashrlarida “Tinchlik va ishonch meʼmoriga aylangan Yangi O‘zbekiston” sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif taʼkidlaganidek, mustaqillik faqat siyosiy suverenitet emas, balki xalqning erkin yashashi, o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va qo‘shnilar bilan tinch-totuv hamkorlik qilishidir.
Maqolada 1991-yildan so‘ng Markaziy Osiyoda chegaralarning murakkabligi, xususan, Farg‘ona vodiysida minglab oilalar va aholi punktlari ajralib qolgani achchiq insoniy taqdirlar misolida ochib beriladi. Chegara shunchaki xaritadagi chiziq emas, balki insonlar taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekani urg‘ulanadi.
Sharhda so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo ustuvor yo‘nalishga aylangani, natijada qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarda yangi nazorat-o‘tkazish punktlari ochilib, transport va savdo qatnovi izchillashgani qayd etilgan.
2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov tomonidan uch davlat chegaralari tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi, shuningdek, “Do‘stlik stelasi”ning ochilishi mintaqa diplomatiyasida yangi davrni boshlab bergani alohida ko‘rsatilgan.
Muallif o‘zaro ishonchning amaliy natijalarini raqamlarda asoslab beradi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2016-yildagi 2,5 milliard dollardan 2025-yil yakunlariga kelib 8 milliard dollardan oshdi.
Maqola xulosasida taʼkidlanganidek, O‘zbekiston tanlagan ochiqlik va pragmatizm tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat Markaziy Osiyoda tinchlik, ishonch va umumiy taraqqiyotning yangi meʼmorchiligini yaratishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi