Pokiston OAV: O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo Oqsoqollar kengashini tashkil etish tashabbusi mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan preventiv diplomatiya vazifasini bajarishga qodir
Dekabr 24, 2025. 08:15 • 3 daq
• 59ISLOMOBOD, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan Today” va “Daily Ittehad” gazetalarida, “The Diplomatic Insight”, “MNN News”, “Diplomatic Affairs”, “Urdu.MNN News”, “News Network Pakistan” elektron nashrlarida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatovning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo Oqsoqollar kengashini taʼsis etish taklifining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan sharhi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo Oqsoqollar kengashini tashkil etish tashabbusi haqiqatan ham alohida eʼtiborga loyiq, chunki u odatiy institutsional yechimlar doirasidan chiqib, mintaqamizning chuqur ijtimoiy va madaniy mantig‘iga tayanadi. Gap rasmiy organ yoki siyosiy tuzilma haqida emas, balki Markaziy Osiyo jamiyatlarining barqarorligi va ichki uyg‘unligini tarixan taʼminlab kelgan ijtimoiy kelishuv mexanizmlariga qaytish haqida bormoqda, – deydi SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari. – Markaziy Osiyo jamiyatlari tarixan ijtimoiy tinchlikni saqlash, nizolarni hal qilish va kelishilgan yechimlarni ishlab chiqish mexanizmi sifatida oqsoqollar institutiga tayangan”.
Qayd etilishicha, rasmiy-yuridik tuzilmalardan farqli o‘laroq, oqsoqollar ishonch, tajriba, anʼanalarni bilish va jamiyat tomonidan tan olinishga asoslangan qonuniylikka ega edilar. Ijtimoiy xolislikning aynan shu shakli siyosiy o‘zgarishlar, tashqi tahdidlar va ichki ziddiyatlar sharoitida hamjamiyatlarning barqarorligini taʼminladi.
Ekspert taʼkidiga ko‘ra, ushbu mantiqni mintaqaviy darajaga ko‘chirish davlatlararo muloqotning o‘ziga xos norasmiy yo‘nalishini yaratishga imkon beradi, bu esa hozirgi siyosiy vaziyatning bosimi, mafkuraviy tafovutlar va tashqi taʼsirlardan xoli bo‘ladi. Oqsoqollar kengashi rasmiy institutlarning o‘rnini bosmaydi va davlat organlari bilan raqobatlashmaydi, balki ularni to‘ldiradi, rasmiylashtirishga tayyor bo‘lmagan nozik masalalar muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan ishonchli muloqot maydonini yaratadi.
“Mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan, Oqsoqollar kengashi preventiv diplomatiya vazifasini bajarishga qodir. Uning aʼzolari yuksak maʼnaviy obro‘-eʼtiborga va mintaqaviy xususiyatlarni chuqur bilish, keskinlashuv xavfini o‘z vaqtida aniqlash, vaziyatni yumshatish, inqirozli holatlarda vositachilik qilish va muammolar ochiq bosqichga o‘tmasidan avval murosali yechimlarni taklif etish qobiliyatiga egadirlar. Bunday yondashuv mojarolarning oldini olishning eng yaxshi xalqaro tajribalariga mos kelib, shu bilan birga Markaziy Osiyoning o‘ziga xos anʼanalariga asoslangan”, – deya urg‘ulagan Akromjon Neʼmatov.
U, shuningdek, Oqsoqollar kengashi mintaqaviy qadriyatlar – yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, murosa va tinch-totuv yashashning targ‘ibotchisi va ifodachisiga aylanishi mumkinligini taʼkidlagan.
Bundan tashqari, Oqsoqollar kengashining maslahatchi sifatidagi roli uzoq muddatli va oqilona qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi. Oqsoqollar bir lahzalik siyosiy hisob-kitoblarga emas, balki tarixiy tajriba, madaniy xotira va jamoatchilik kayfiyatini tushunishga tayanib, umumiy mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan tavsiyalar bera oladilar. Bu, ayniqsa, suv-energetika resurslari, ekologik tahdidlar, migratsiya, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik va gumanitar hamkorlik masalalarida muhim ahamiyatga ega.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari o‘z fikrlarini «Umuman olganda, Oqsoqollar kengashini umumiy tarixiy yo‘l, umumiy muammolar va umumiy kelajak uchun masʼuliyat bilan birlashgan Markaziy Osiyoning barqarorligi va subyektivligini mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rish mumkin. Ushbu tashabbusning strategik qiymati ham aynan shunda», – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
.


