Germaniya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni istiqbolli hamkor sifatida baholamoqda

Iyun 25, 2026. 08:10 • 2 daq

117
Germaniya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni istiqbolli hamkor sifatida baholamoqda
Germaniya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni istiqbolli hamkor sifatida baholamoqda
Germaniya ishbilarmon doiralari O‘zbekistonni istiqbolli hamkor sifatida baholamoqda

DUYSBURG, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Duysburg shahrida bo‘lib o‘tgan beshinchi Germaniya–Yevroosiyo kichik va o‘rta biznes kunida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Forum “DEWB” assotsiatsiyasi va Germaniya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari tomonidan tashkil etildi. Tadbir Germaniya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari, tarmoq uyushmalari, tahlil markazlari, davlat tuzilmalari va xususiy sektor vakillari hamkorligida o‘tkazildi.

Yevroosiyoda iqtisodiy aloqalarni o‘zgartirish, yangi savdo yo‘nalishlarini rivojlantirish, sarmoyaviy hamkorlik va biznesni o‘zgaruvchan xalqaro sharoitlarga moslashtirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Ishtirokchilar, global iqtisodiy jarayonlar va sanksiya cheklovlarining mintaqadagi savdo oqimlari va sanoat kooperatsiyasiga taʼsirini ko‘rib chiqdi.

Germaniyaning iqtisodiy ishtirokini kengaytirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralayotgan Markaziy Osiyoga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish, islohotlar va faol investitsiya siyosati tufayli mintaqadagi asosiy hamkor sifatida bir necha bor eʼtirof etilgan.

Diplomatlar o‘z nutqi davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida maʼlumot berdi. O‘zbekiston kompaniyalarining forumdagi ishtiroki va ularning germaniyalik hamkorlar bilan hamkorlikka qiziqishi ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonning bir qator kompaniyalari investitsiya va sanoat loyihalarini, jumladan, polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish va infratuzilma taʼminoti sohasidagi yechimlarni taqdim etdi.

Forum yakunida Germaniya biznesining Markaziy Osiyodagi istiqbolli iqtisodiy hamkor hamda investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish maydoni sifatida O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish