Yaman OAV: O‘zbekistonda yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi ulushi 35 foizga yetdi
Avgust 31, 2026. 13:06 • 2 daq
• 49
SANA, 31-avgust. / “Dunyo” AA/. Yamanning yetakchi “SABA” axborot agentligi va “Aden Ghad” elektron gazetasi veb-saytlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi sharhlangan tahliliy maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda taʼkidlanishicha, Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida davlat rahbari o‘zbek xalqini qutlab, mamlakat rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganini eʼlon qildi. Kelgusi yillarda inson qadrini ulug‘lash, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Bundan tashqari, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga har yili 20-25 trillion so‘m ajratilayotgani va ularning biznes sohasidagi ulushi 35 foizni tashkil etayotgani qayd etilgan.
Yaman OAV O‘zbekistonda raqamlashtirish va ilm-fanni rivojlantirish, xususan, mamlakatni texnologik tashabbuslar markaziga aylantirish hamda o‘zbek tilini raqamli dunyoda fan tili sifatida mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan maqsadlarni yuqori baholagan. Shuningdek, maqolalarda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etgani va Samarqandda Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani kabi sport yutuqlari ham eʼtirof etilgan.
Maqolalarda qayd etilishicha, O‘zbekiston ochiq va tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirmoqda. Mintaqada strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanib, MDH, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-islom dunyosi mamlakatlari bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz!” degan ishonchli so‘zlari iqtibos keltirilgan maqolalar xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi