Logo

Rossiyaning Samara shahrida ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar o‘zbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etiladi

May 03, 2026. 12:30 • 2 daq

196
Rossiyaning Samara shahrida ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar o‘zbekistonlik quruvchilar tomonidan barpo etiladi

MOSKVA, 3-may. /“Dunyo” AA/. May oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar Samaraning asosiy qurilish obyektlarida ish boshlaydi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Rossiyaning “Komsomolskaya pravda” gazetasida yozilishicha, Samara qurilish kompaniyasi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan malakali quruvchilarni jalb qilishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzolagan. Bu haqda Samara ishbilarmonlarining Toshkent va Samarqandga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha berilgan maʼlumotda keltirilgan.

Shuningdek, nashrda joriy yilning may oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar Samaradagi qurilish maydonlarida ish boshlashi taʼkidlangan. Quruvchilar ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishga, jumladan, shaharning Sanoat tumanida basketbol sport majmuasini qurishga jalb etiladi.

Avvalroq nashr sahifalarida Samara va Samarqand turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolaganligi haqida xabar berilgandi. Mazkur hujjat qo‘shma festivallar, yarmarkalar va xalqaro turizm forumlarida reklama kampaniyalarini o‘tkazishni, turfirmalar va turizm axborot markazlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, gazetada Samara hukumati O‘zbekistonning uchinchi yirik shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tashkil etishni rejalashtirayotgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish