Logo

Pokistonda 21 yil noqonuniy yashagan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi

May 03, 2026. 17:00 • 2 daq

143
Pokistonda 21 yil noqonuniy yashagan yurtdoshimiz vatanga qaytarildi

ISLOMOBOD, 3-may /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari ko‘magida xorijda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan hamyurtimiz S.J. Pokistondan vataniga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Elchixona maʼlumotlariga ko‘ra, shu yil fevral oyida S.J. O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘rab diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan. Suhbat davomida aniqlanishicha, u 2005-yildan buyon Pokiston hududida vizasiz noqonuniy yashab kelgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan.

Vatandoshimizning so‘zlariga ko‘ra, u 2005-yilda Pokiston fuqarosi bilan turmush qurish maqsadida ushbu mamlakatga kelgan. Shu yilning o‘zida turmush o‘rtog‘i yo‘l-transport hodisasiga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan. Shundan buyon hamyurtimiz turmush o‘rtog‘ini parvarishlab kelmoqda. Hozirgi kunda turmush o‘rtog‘ining salomatligi nisbatan yaxshilangan bo‘lsa-da, nogironlik holati qisman saqlanib qolgan. Shuningdek, oilaning ijtimoiy va moliyaviy ahvoli hamon og‘irligicha qolmoqda.

O‘rganishlar davomida yurtdoshimizning haqiqatda ham moliyaviy imkoniyatlari cheklangani, u faqat kundalik ro‘zg‘or xarajatlarini qoplash imkoniyatiga ega ekani maʼlum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan elchixona uning shaxsi va fuqaroligini tasdiqladi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikat rasmiylashtirildi. Pokiston Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida yurtdoshimizning 21 yil davomida vizasiz noqonuniy yashagani uchun belgilangan 8400 AQSH dollari miqdoridagi jarima bekor qilindi va unga mamlakatni tark etish uchun ruxsat olindi.

Bundan tashqari, diplomatik missiya ko‘magida S.J. uchun O‘zbekistonga aviachipta sotib olingan. Hamyurtimiz shu yil 2-may kuni “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining “Islomobod–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha vatanga qaytarilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish