Turkiyaning Eskishehir shahrida o‘zbek va turk rassomlarining ijod namunalari namoyish qilindi
May 03, 2026. 15:30 • 2 daq
• 173ANQARA, 3-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Eskishehir shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Anadolu universiteti hamkorligida tashkil etilgan “Ochiq osmon ostidagi rassomlik” nomli sanʼat tadbiri turk OAV orqali keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “HABER TURK” nashrida eʼlon qilingan maqolada yozilishicha, ushbu sanʼat tadbirida O‘zbekiston tomonidan Davronbek Shukurov, Shahnoza Asqarova, Nodira Xasanova, Rixsitilla Akramov, Shohruh Qosimov, Azamat Quchqarov, Muazzam Nurmatova va Otabek Nomozov ishtirok etdi. Turkiyadan esa Anadolu universiteti Tasviriy sanʼat fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalari qatnashgan.
Anadolu universiteti dotsenti Gulchin Karaja ushbu tadbir o‘zbek-turk sanʼat hamkorligini yana-da kengaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
“IHA” nashrida qayd etilishicha, tadbirdan ko‘zlangan maqsad ikki muassasa o‘rtasidagi kelgusida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun zamin yaratishdir.
Uch qismdan iborat dasturning birinchi bosqichi Anadolu universitetining “Yapon bog‘i”da amaliy seminar shaklida o‘tkazildi. Turk va o‘zbek rassomlari ishtirok etayotgan tadbir tabiat bilan hamnafas holda, do‘stona ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirning ikkinchi qismida o‘zbek rassomchilik sanʼati bo‘yicha seminar tashkil etildi. Uchinchi bosqichda esa seminar davomida yaratilgan asarlar Anadolu universitetining ko‘rgazmalar zalida namoyish etiladi.
“Ochiq osmon ostidagi rassomlik” sanʼat tadbiri doirasida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rgazma 8 maygacha davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

