“il Giornale" gazetasi: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlikning tayanch nuqtasiga aylanmoqda
May 03, 2026. 17:30 • 2 daq
• 184RIM, 3-may. /“Dunyo” AA/. Italiyaning nufuzli “il Giornale" gazetasida O‘zbekistonning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni va tashqi siyosiy yutuqlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada O‘zbekistonning Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ishonchli hamkor hamda Markaziy Osiyodagi barqarorlik kafolati sifatida namoyon bo‘layotgani tahlil qilingan.
O‘zbekiston keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati tufayli global investitsiyalar va xalqaro loyihalar uchun jozibador markazga aylanmoqda. Xususan, mamlakatning geografik joylashuvi va yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatida xizmat qilmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning xavfsizlikni taʼminlash borasidagi islohotlariga alohida to‘xtalib, mamlakat mintaqadagi tinchlik va barqarorlikning muhim tayanchi sifatida taʼriflangan. Mamlakatning qo‘shni davlatlar, jumladan, Afg‘oniston bilan muvozanatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi hamda mintaqaviy muammolarni muloqot orqali hal etish strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda.
Iqtisodiy islohotlar doirasida O‘zbekistonning Italiya va boshqa Yevropa davlatlari bilan savdo aloqalari jadal o‘sib borayotgani qayd etilgan. Madaniyat va turizm sohasidagi boy meros esa mamlakatning “yumshoq kuch” sifatidagi taʼsirini yana-da mustahkamlamoqda, deyiladi maqolada.
Maqola xulosasida O‘zbekistonning strategik tanlovi – barcha yo‘nalishlarda teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish ekani, bu yondashuv mamlakatni xalqaro maydonda muhim ishtirokchiga aylantirayotgani taʼkidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

