Yangi Toshkentning ilk energetika quvvatlari barpo etilmoqda
Dekabr 30, 2025. 17:17 • 2 daq
• 23
TOSHKENT, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika obyektlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, trigeneratsiya texnologiyasi shaharni markazlashgan sovitish va isitish bilan taʼminlash uchun zamonaviy yechim bo‘lib, anʼanaviy quvvatlarga nisbatan 2 baravargacha kam energiya sarflaydi. Oddiy issiqlik markazlari yoki sovitish tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlari alohida-alohida amalga oshiriladi. Trigeneratsiyada esa bularning barchasi yagona texnologik zanjir asosida birlashtiriladi.
Hozirgi paytda Yangi Toshkentda aynan shu texnologiyaga asoslangan stansiyaning asosiy bino va inshootlarining qurilishi jadal ketmoqda. Loyiha doirasida talab etiladigan asosiy asbob-uskunalar xalqaro energiya samaradorlik talablariga to‘la mos keladi.
Birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 megavatt, sovitish tizimi uchun esa 100 megavatt quvvat yaratiladi. Shu bilan birga, 17 megavatt miqdorda qo‘shimcha elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentning birinchi nimstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Nimstansiya quvvati 100 megavattga teng bo‘lib, Yangi Toshkentning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini taʼminlaydi. Loyiha Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborlisi, ushbu obyekt O‘zbekistondagi birinchi yopiq turdagi nimstansiya hisoblanadi.
Bunday tipdagi inshootlar anʼanaviy ochiq nimstansiyalarga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Avvalo, ular shahar ichidagi muhitga mos loyihalanadi va hudud arxitektura qiyofasini buzmasdan joylashtiriladi. Shuningdek, bunday nimstansiyalarning shovqin darajasi anʼanaviylariga qaraganda ikki baravar past bo‘ladi. Bundan tashqari, ochiq turdagi inshootlarga nisbatan uch barobar kam maydon talab qiladi. Bu yangi qurilayotgan Yangi Toshkent kabi murakkab muhandislik konsepsiyasiga ega shaharda juda katta afzallik hisoblanadi.
Prezidentimiz mazkur obyektlar bilan tanishar ekan, ularning texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samarasi va Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. Loyihaning yana-da samarali ishlashi va kelgusidagi bosqichlarini tez hamda sifatli amalga oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi