Avstriyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi
Dekabr 30, 2025. 17:23 • 2 daq
• 30VENA, 30-dekabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida “O‘zbekiston – ulkan imkoniyatga ega mamlakat” mavzusida O‘zbekiston–Avstriya biznes-forumi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va Avstriya iqtisodiy palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Avstriyaning davlat idoralari, moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari, Namangan viloyati hokimligi vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Avstriya iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Anjelika Seri-Froshauer so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. U Avstriyaning yetakchi kompaniyalari vakillari o‘zbek tadbirkorlari bilan hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Avstriya Iqtisodiyot, energetika va turizm vazirligi bosh kotibi Severin Gruber 2025-yil oktyabr oyida Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagani bilan O‘zbekistonni tabrikladi. Uning fikricha, ushbu hujjat O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida keng qamrovli munosabatlarni yana-da mustahkamlab, ularni yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi.
Avstriyaning sobiq Federal kansleri, Xalqaro maslahatchilar kengashi raisi Alfred Guzenbauer tadbirda qatnashgan barcha Avstriya kompaniyalariga murojaat qilib, O‘zbekiston Prezidenti xorijiy investorlarga yaratayotgan jozibador imkoniyatlardan unumli foydalanishga va vaqtni boy bermasdan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan turli sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.
Tadbir davomida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Mansurjon Rasulevning “O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlarga ega katta mamlakat” mavzusidagi taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, tarmoqlar va hududlar kesimidagi istiqbolli loyihalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Avstriya kompaniyalari O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, energetika, gidroenergetika, tog‘-kon, kimyo, qurilish, elektrotexnika, atrof-muhitni muhofaza qilish, avtomobilsozlik, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, jamoat xavfsizligi va metallurgiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, Namangan viloyati delegatsiyasi va Avstriya kompaniyalari o‘rtasida “B2B” va “B2G” formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbir yakunida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari G‘ofurjon Jamolov avstriyalik hamkorlar bilan qurilish, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” energetika va taʼlim sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir qator hujjatlarni imzoladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

