Germaniyadagi vatandoshlarimizni futbol musobaqasi birlashtirdi
Oktabr 06, 2026. 18:00 • 2 daq
• 96FRANKFURT-MAYN, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi tomonidan Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida futbol bo‘yicha musobaqa tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Sport tadbirida Germaniyaning turli federal yerlaridan kelgan 12 ta jamoa ishtirok etdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar vatandoshlarimizni bir maydonda jamlab, ular o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Turnirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan diplomatlar ishtirokchilarni qutlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, xorijdagi vatandoshlarimizning ta’lim olishi, kasbiy rivojlanishi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan keng sharoitlar haqida ta’kidladilar.
Murosasiz kechgan o‘yinlar natijasiga ko‘ra, Myunxen shahridan kelgan jamoa turnir g‘olibi deb topildi va bosh kubok bilan taqdirlandi. Musobaqaning sovrin jamg‘armasi hamda faol o‘yinchilar uchun rag‘batlantiruvchi sovg‘alar vatandoshimiz — “MK Key” kompaniyasi asoschisi Mahmud Rasulov tomonidan taqdim etildi.
Sport bayrami yakunida “Toshkent” restorani asoschisi Sanjar Abakulov ko‘magida milliy taomlar tortilgan bayram dasturxoni tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarga iliq va do‘stona muhitda muloqotni davom ettirish imkonini berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



