Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasida O‘zbekiston Oliy Majlisining tashkilot faoliyatidagi roli yuqori baholandi

Oktabr 06, 2026. 18:30 • 2 daq

• 66

ARUSHA, 6-oktabr. /«Dunyo» AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi 5-oktabr kuni Tanzaniyaning Arusha shahrida o‘z ishini boshlagan Parlamentlararo ittifoqning (PI) 153-Assambleyasida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, Arusha xalqaro anjumanlar markazida Assambleyaning bo‘lib o‘tgan rasmiy ochilishi marosimida Tanzaniya Prezidenti Samiya Suluxu Hassan ishtirokchilarga tabrik yo‘lladi. Unda parlamentlarning xalq manfaatlarini ifoda etishdagi muhim o‘rni, parlament a’zolari zimmasidagi ishonchni oqlash, milliy va xalqaro miqyosda dolzarb tashabbuslarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbirda Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Anda Filip ham so‘zga chiqib, siyosiy qarashlardagi farqlarga qaramay, parlamentlar o‘rtasida muloqotni ta’minlash yo‘lida mavjud to‘siqlarni yengib o‘tish muhim ekanini qayd etdi.

Assambleyasining rasmiy ochilishi marosimida PI rahbariyati O‘zbekiston Oliy Majlisining tashkilot faoliyatidagi faol ishtiroki va xalqaro parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi.

Xususan, 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi, shuningdek, 2026-yil sentabr oyida Samarqand shahrida tashkilotning Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilgani alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, mazkur nufuzli tadbirlarning O‘zbekistonda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamlakatimizning xalqaro parlament diplomatiyasini rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasidagi tashabbuslari yuksak baholanganidan darak beradi.

Eslatib o‘tamiz, Assambleya doirasida Parlamentlararo ittifoqning barcha ustav organlari, jumladan, Boshqaruv kengashi, doimiy qo‘mitalar, Parlament a’zolarining inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha qo‘mita, shuningdek, Ayol parlament a’zolari forumi va Yosh parlament a’zolari forumining yig‘ilishlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, Assambleya yakunida Umumiy debatlarning bosh mavzusi bo‘yicha yakuniy hujjat qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish