“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish Xitoy OAV diqqat markazida
Yanvar 09, 2026. 10:40 • 3 daq
• 265
PEKIN, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. Xitoyning “VICTWO” nashrida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi nima uchun takomillashtirilmoqda?” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi asosiy dasturiy hujjat hisoblanadi. Unda islohotlarning umumiy mantig‘i, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlari jamlangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash va fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi muhim tizim yaratuvchi rol o‘ynadi. Shu bilan birga, ijtimoiy hayot va global jarayonlar doimiy dinamikaga ega. Yangi iqtisodiy sharoitlar, xalqaro maydondagi texnologik o‘zgarishlar va transformatsiyalar davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda, deb yozadi nashr.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini real sharoitlar, aholining dolzarb ehtiyojlari va zamon talablarini hisobga olgan holda takomillashtirishning obyektiv zarurati yuzaga kelmoqda. Yangilanayotgan strategiya zamirida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim g‘oya mujassam. Yangi tahrirdagi strategiya ushbu tamoyilni amaliy mazmun bilan to‘ldiradi va mamlakatni yana-da samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida rivojlantirishni davom ettirishga qaratilgan”, deb taʼkidlaydi Xitoy jurnali.
Strategiyani takomillashtirish jarayonida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinadi, mavjud muammo va chaqiriqlar inobatga olinadi. Shu bilan birga, qo‘yilgan maqsadlarga erishish darajasini aniq o‘lchash imkonini beradigan samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqiladi. Har bir aniq vazifaga masʼul davlat organlari biriktiriladi, zarur moliyaviy manbalar ochiq va shaffof tarzda ko‘rsatiladi, bu esa strategiyani amalga oshirishda masʼuliyat va javobgarlikni kuchaytiradi.
Maʼlum qilinishicha, strategiyaning har bir inson uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangilanayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi har bir inson o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda keltirayotganini yaqqol ko‘radigan tarzda shakllantirilmoqda. Gap umumiy shiorlar haqida emas, balki kundalik hayotda sezilayotgan aniq o‘zgarishlar haqida ketmoqda.
Strategiyaning o‘rta muddatli maqsadlari samaradorligi ko‘rsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik tahdidlarni hisobga olgan holda yangilanmoqda. Bundan tashqari, strategiya ijrosini monitoring qilish tizimini to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu shaffoflikni taʼminlash, ishonchli maʼlumotlar asosida qarorlar qabul qilish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish imkonini beradi.
Tarmoqlar, sohalar va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha barcha strategik hujjatlarni “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi, izchilligi va natijadorligini taʼminlashga qaratilgan.
Xitoy OAVning maʼlumotlariga ko‘ra, strategiyani keng jamoatchilik maslahatlashuvlari asosida shakllantirish asosiy prinsipial jihatlardan biridir. Loyiha O‘zbekiston Prezidentining yaqinda parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida bildirilgan topshirig‘i ijrosini taʼminlash, aholi, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati institutlaridan mazmunli va amaliy ahamiyatga ega takliflar olish maqsadida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmoqda. Aynan jamoatchilik fikri va fuqarolarning real so‘rovlari aks etgan hujjat hayotiy va samarali bo‘lishi mumkin.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish islohotlarni chuqurlashtirish, ularni zamon talablariga moslashtirish va odamlar hayotida amaliy samarasini oshirishga qaratilgan izchil, ochiq va masʼuliyatli jarayondir. Asosiysi – strategiya umummilliy taraqqiyot dasturi sifatida shakllanib, avvalo xalq farovonligiga xizmat qiladi”, deya xulosa qilingan “VICTWO” nashrida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi