Xitoylik sayyohlar Yangi yil bayramida O‘zbekistonga tashrifini ikki barobarga oshirdi
Yanvar 09, 2026. 09:00 • 2 daq
• 292
TOSHKENT, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 1-3-yanvar kunlari Xitoydan O‘zbekistonga aviachiptalarni bron qilish soni o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar oshdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi maʼlumotiga ko‘ra, xitoylik ko‘plab sayyohlar yangi yilning dastlabki kunlarida sayohat uchun O‘zbekistonni tanlagan. Tahlilchilar O‘zbekistonga sayohatning ortishini Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi bilan bog‘lagan. O‘zbek zamini nafaqat boy tarixi va madaniy merosi, balki zamonaviy infratuzilmasi, yangi yo‘nalishlar va qulay havo qatnovlari bilan ham sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
O‘zbekiston statistik manbalariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Xitoydan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshgan. 2024-yilda mamlakatga Xitoydan 74,3 ming sayyoh tashrif buyurdi, bu 2023-yilga nisbatan qariyb 75 foizga ko‘pdir.
Ushbu ijobiy dinamika 2025-yilda ham davom etdi: yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekiston Xitoydan 217 mingga yaqin sayyohni qabul qildi va yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 250 ming kishidan oshishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3 baravardan ko‘proqdir.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, sayohatlarning ko‘payishi nafaqat vizasiz rejim, balki yakunlangan Turizm yili doirasida O‘zbekistonning Xitoy sayyohlik bozorida faol targ‘ib qilinishi, ikki mamlakatning yirik shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi bilan bog‘liq.
Xitoylik sayyohlar oqimining ko‘payishi O‘zbekistonning Osiyodan kelgan sayyohlar orasida, ayniqsa, bayram taʼtillari davrida tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatadi va turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi