Logo

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2017-2025-yillarda davlat qarzlari hisobiga nimalar qilinganini izohladi

Yanvar 09, 2026. 10:17 • 4 daq

297
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2017-2025-yillarda davlat qarzlari hisobiga nimalar qilinganini izohladi

TOSHKENT, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra 75,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, shundan 37,4 milliard dollari davlat tashqi qarzi hisoblanadi.

Bu yerda asosiy tamoyil oddiy: investitsiyalar va resurslarni jalb etishdan ko‘zlangan maqsad - aholining turmush darajasini oshirishdir. Gap balandparvoz hisobotlar yoki raqamlar emas, balki odamlar kundalik hayotida his qiladigan real yaxshilanishlar – ish o‘rinlari, oilalar daromadi, infratuzilma, toza ichimlik suvi, energiya, transport va sifatli ijtimoiy xizmatlar haqida ketmoqda.

Tashqi moliyalashtirishning iqtisodiy mantig‘i ham aniq: iqtisodiyot tezroq o‘sishi uchun resurslar – kapital, texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlar zarur. Agar mamlakat resurslarni jalb etishni to‘xtasa, o‘sish sekinlashadi: kamroq ish o‘rinlari yaratiladi, yo‘llar va ijtimoiy infratuzilmani yangilash, suv taʼminotini kengaytirish va arzon energiyani taʼminlash qiyinlashadi.

Shu bois, O‘zbekiston iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, YIM o‘sishini taʼminlash va yakuniy natijada aholining hayot sifati hamda umr davomiyligini yaxshilash maqsadida investitsiyalarni izchil ravishda jalb etib kelmoqda. Eʼtiborga molik jihati shundaki, 2020-yildan buyon umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib, 2024-yilda 73,4 yoshdan 75,1 yoshga yetdi.

Shu bilan birga, odamlar uchun shiorlar emas, balki ko‘rish va baholash mumkin bo‘lgan, aniq o‘lchanadigan real natijalar muhimdir.

Ko‘rsatkichning tarkibiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 milliard dollarini tashkil etdi. Shundan 37,4 milliard dollar davlat tashqi qarziga to‘g‘ri keladi. Qolgan 38 mlrd dollarga yaqini esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalarining qarz majburiyatlari (korporativ qarz) hisoblanadi.

Alohida taʼkidlash lozimki, xalqaro tasnifga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi darajasi moʻtadil va boshqariladigan hisoblanadi. 37,6 milliard dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi taxminan YIMning 26 foiziga teng (rasmiy YIM qariyb 145 milliard dollar). Bu ko‘rsatkich jahon amaliyotida makroiqtisodiy barqarorlik uchun potensial xavfli deb baholanadigan chegaraviy darajalardan ancha pastdir.

Davlat qarzlari hisobidan amalga oshirilgan ishlar (2017–2025-yillar):

1564 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi;

470 km temir yo‘l liniyalari elektrlashtirildi;

6793 km ichimlik suvi tarmoqlari va 664 km oqova suv tarmoqlari qurildi;

59 km issiqlik quvurlari, 1286 ta individual issiqlik punktlari, 166 ta suv taqsimlash inshootlari va 31 ta oqova suv nasos stansiyasi barpo etildi;

2737 MVt qo‘shimcha elektr quvvatlari yaratildi, 1106 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortildi;

qo‘shimcha 2 084 MVt, 16 423 mln kVt soat elektr energiyasi va 551,8 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Transport va shahar xizmatlarini modernizatsiya qilish:

4 ta Boing 787-8 samolyoti;

2 ta Talgo-250 yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari;

30 ta elektrovoz;

metropoliten uchun 70 ta vagon va 29 ta harakat tarkibi;

1 900 ta avtobus;

1 000 ta tez tibbiy yordam avtomobili;

maishiy chiqindilarni yig‘uvchi 541 ta texnika;

13 ta issiqlik qozoni xarid qilindi.

Taʼlim va ijtimoiy soha:

60 ta oliy taʼlim muassasasida 119 ta o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etildi;

6 213 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mebel va o‘quv materiallari, 4940 ofis texnikasi bilan jihozlandi.

Qishloq va suv xo‘jaligi:

1 593,1 km kanallar qayta tiklandi;

3 396 ta gidroinshoot modernizatsiya qilindi;

423 ta tik quduq qurildi;

2,2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar va 12,6 ming gektarda intensiv bog‘lar barpo etildi;

sig‘imi 334,9 ming tonna bo‘lgan muzlatgich omborlari qurildi;

258,2 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega korxonalari ishga tushirildi;

parrandachilikda 12,3 mln bosh, qo‘ychilikda 5 752 bosh va chorvachilikda 26,3 ming boshga mo‘ljallangan xo‘jaliklar, shuningdek, 90,2 mln dona tikuvchilik va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi.

Bu maʼlumotlar shu paytgacha loyihalarni amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan qarz mablag‘lariga taalluqlidir. Infratuzilma va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘plab loyihalar hozir ham davom etmoqda va ishlar yakunlangani sari qo‘shimcha samaralar beradi.

Umuman olganda, 2017–2025-yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2 milliondan ortiq ish o‘rinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YIM esa 418 foizga ko‘paydi.

Biroq eng muhim jihat shundaki, resurslarni jalb etish faqat qatʼiy qoidalar, shaffoflik va samarali nazorat asosida amalga oshirilishi lozim. Davlat rahbari o‘z Murojaatida alohida taʼkidlaganidek, parlament deputatlari loyihalarning butun hayotiy siklini – tanlov va konkurslardan tortib, ularni amalga oshirish hamda yakuniy natijalargacha – kuzatib boradi. Loyihalarning holati, bosqichlari va jarayonlari real vaqt rejimida eʼlon qilib boriladi, bu esa tanlov va tenderlar qanday o‘tayotgani hamda majburiyatlar qanday bajarilayotganini aniq ko‘rish imkonini beradi.

O‘zbekistonning investitsiyalarga yondashuvi nihoyatda aniq: mamlakatning o‘sishi uchun resurslar zarur, shu bilan birga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qatʼiy nazorat, shaffoflik va o‘lchanadigan natijalar taʼminlanishi lozim. Barcha jarayonlar aynan shu tamoyillar asosida – ochiq, bosqichma-bosqich va aniq masʼuliyat doirasida olib borilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish