Logo

Nemis matbuoti: O‘zbekiston–Germaniya tekstil sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Yanvar 09, 2026. 09:23 • 2 daq

227
Nemis matbuoti: O‘zbekiston–Germaniya tekstil sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

BERLIN, 9-yanvar. /“Dunyo” AA/. Germaniyadagi “Masche” jurnalida “GUZ Partners (GermanUzbek textile Partners)” qo‘shma loyihasining uch yillik sarhisobi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

To‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi nashrida taʼkidlanishicha, Germaniya tekstil va trikotaj kompaniyalari uyushmasi  “Gesamtmasche” va “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi “GUZ Partners” qo‘shma loyihasi bo‘yicha hamkorlikni barqaror rivojlantirib kelmoqda.

2025-yil noyabr oyida uch yillik loyihani baholash maqsadida “GUZ Partners” tomonidan Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Qarshi shaharlarida turli suhbatlar o‘tkazilgan. Loyihada asosiy eʼtibor o‘zbek to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida barqaror rivojlanishni shakllantirish hamda sanoat korxonalarini soha bo‘yicha nemis kompaniyalari bilan hamkorlikka tayyorlashga qaratilgan.

“Loyihaning multiplikatorlar konsepsiyasi orqali samarador natijalarga erishilgan. Xususan, korxonalar ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilash orqali Yevropa, ayniqsa, Germaniya talablariga yaxshiroq moslashish imkoniyatlarini o‘rgangan. Loyiha doirasida “O‘zto‘qimachiliksanoati”ga eksportni qo‘llab-quvvatlash, marketing, sertifikatlash va YI talablariga muvofiqlik sohalarida barqaror konsalting xizmatlari orqali yaqindan ko‘mak berilgan”, – deb yozilgan nemis nashrida.

Maqolada O‘zbekistonning GSP+ maqomi tufayli xalqaro hamkorlik tobora kengayib borayotgani, bu maqom asosiy xalqaro konvensiyalarga rioya etilishini tasdiqlashi, mamlakatga YI bozoriga imtiyozli, boj to‘lovisiz kirish imkoniyatini berishi alohida taʼkidlangan.

Qayd etilishicha, loyiha uchun Farg‘ona viloyati pilot hudud sifatida tanlangan va unga korxonalar, oliy o‘quv yurtlari hamda trening markazlari tizimli ravishda jalb etilgan.

Trenerlarni o‘qitish loyihasi “Trainer-of-Trainers” dasturlari mahalliy multiplikatorlarni tayyorlash orqali uzoq muddatli samaraga erishishni taʼminlagan. Mazkur hududga bugungi kunda loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha namuna sifatida qaralmoqda. Qashqadaryo viloyati loyihaning ikkinchi pilot hududi sifatida shakllantirilmoqda.

“GUZ Partners” loyihasi ikki davlat hukumatlari tomonidan, xususan, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Germaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu uning ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorligidagi ahamiyatini anglatadi. Erishilgan natijalarni yana-da mustahkamlash maqsadida “Gesamtmasche” va “O‘zto‘qimachiliksanoati” 2026-yilda loyihani davom ettirishni rejalashtirmoqda”, – deb yozilgan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish