O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida namoyish etilgan spektakl yurtdoshlarimiz farzandlariga katta quvonch ulashdi
Noyabr 23, 2026. 15:00 • 2 daq
• 17BЕRLIN, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri jamoasining Berlinga safari chog‘ida yurtimizning Germaniyadagi elchixonasida ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning farzandlari uchun “Karvon-saroy” spektakli namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Germaniyaning turli shaharlarida yashayotgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi. Spektakl elchixona tomonidan olib borilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlarning bir qismi bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad xorijda voyaga yetayotgan bolalarning o‘zbek tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning O‘zbekiston bilan ma’naviy rishtalarini mustahkamlashdan iboratdir.
Bunday sahna asarlari o‘zbek oilasi qadriyatlari va an’analari haqida keng tushuncha beradi. O‘sib kelayotgan yosh avlod o‘zbekona oila muhiti, milliy qadriyatlar, ona tilida suhbatlashish kabi jihatlarga e’tibor qaratsa, kattalar O‘zbekistonda o‘tgan yoshlik chog‘larini yodga oladi, farzandlariga bolalik davri haqida so‘zlab beradi.
Spektakl namoyishidan avval o‘zbek tili kurslariga qatnayotgan yurtdoshlarimizning farzandlari o‘zlari tayyorlagan she’rlarni o‘qib, Vatan haqida qo‘shiqlar kuyladi.
Hamyurtimiz Shohida Xoliqovaning fikricha, ushbu spektakl nafaqat bolalar, balki ota-onalarga ham katta quvonch bag‘ishlab, bolalik damlarini yodga solgan.
“Avvaliga bolalar o‘zbek tilini mukammal bilishmaydi-ku, spektaklni yaxshi tushunarmikan, deya biroz xavotirlandim. Biroq ular tomoshani katta qiziqish va zavq bilan ko‘rdi. Bunday tadbirlar tez-tez o‘tkazilishini istardik. Farzandlarimizning milliy urf-odat va qadriyatlardan boxabar bo‘lishi biz, ota-onalarni quvontiradi. Fursatdan foydalanib, elchixonaga, o‘zbekistonlik san’atkorlarga va barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz”, – dedi Shohida Xoliqova.
Yana bir vatandoshimiz O‘g‘iloy Primovaning fikricha, tomoshadan bolalar bir olam zavq olishgan.
“Qo‘g‘irchoq teatri farzandlarimizga juda manzur bo‘ldi. O‘ylaymanki, bunday tadbirlar bu yerda yashayotgan bolalar va o‘zbek oilalari uchun katta madaniy-ma’naviy ahamiyatga ega. Elchixona tomonidan o‘zbek tili darslari tashkil etilayotgani hamda madaniy tadbirlar o‘tkazilayotganidan mamnunmiz. Madaniyatimiz, san’atimiz va an’analarimizni targ‘ib qiluvchi bunday kechalar yanada ko‘proq bo‘lishiga umid qilamiz”, – dedi O‘g‘iloy Primova.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





