“Sputnik Gruziya”: O‘zbekiston–Gruziya strategik sherikligi tobora kengaymoqda

Iyul 02, 2026. 17:00 • 2 daq

14
“Sputnik Gruziya”: O‘zbekiston–Gruziya strategik sherikligi tobora kengaymoqda

MOSKVA, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Sputnik Gruziya” axborot agentligida O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston–Gruziya munosabatlari yana-da barqaror iqtisodiy mazmun kasb etdi. Faol siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi hamda transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening 2025-yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi muhim bosqich bo‘lgani alohida taʼkidlangan.

Muzokaralarda tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirish, qo‘shma investitsiya va kooperatsiya loyihalarini amalga tatbiq etish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidladi. Amaldagi erkin savdo to‘g‘risidagi bitim imkoniyatlaridan yana-da samarali foydalanish hisobiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda uch barobar ko‘payib, 89 million dollardan 267,6 million dollarga yetdi. O‘zaro savdoning o‘sishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sanoat ishlab chiqarishining kengayishi hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportining ortishi bilan izohlanadi.

Nashrda transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. O‘zbekiston va Gruziya Transkaspiy xalqaro transport marshrutida (O‘rta yo‘lak) muhim o‘rin tutishi, ushbu yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston yuklarini tashish hajmi 2025-yilda ikki barobarga oshib, 1,2 million tonnaga yetgani qayd etilgan.

“Sputnik Gruziya”da yozilishicha, O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga kutilayotgan davlat tashrifi O‘zbekiston–Gruziya sherikligini yana-da mustahkamlash va keng ko‘lamli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga yangi surʼat bag‘ishlashda muhim bosqich bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish