Iroq byudjeti korrupsiya tufayli 2 trillion dollardan ziyod mablag‘ yo‘qotdi

Iyul 02, 2026. 16:30 • 2 daq

4
Iroq byudjeti korrupsiya tufayli 2 trillion dollardan ziyod mablag‘ yo‘qotdi
“Global Look Press” surati

BAG‘DOD, 2 iyul. /“Dunyo” AA/. “2003 yildan buyon mamlakat byudjeti korrupsiya sababli 2 trillion dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdi”, deb bayonot berdi Iroq Bosh vaziri maslahatchisi Munir Haddod “INA” davlat axborot agentligiga bergan intervyusida, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh vazir Ali az-Zaydiy boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi hech qanday qizil chiziqlarsiz va vaqt cheklovisiz davom etmoqda.

Munir Haddodning maʼlum qilishicha, hukumat rahbari qo‘lga olinganlarning iqrorlik ko‘rsatmalari o‘z manfaatlariga daxl qilishidan xavotirlangan ayrim siyosiy doiralarning bosimini rad etib, tergovni oxiriga yetkazish niyatini tasdiqlagan.

Maslahatchining aytishicha, kuchishlatar tuzilmalar har kuni reydlar o‘tkazmoqda, ammo qo‘lga olinganlar soni bo‘yicha yakuniy statistika hali mavjud emas. Asosiy gumonlanuvchilarning iqrorlik ko‘rsatmalari tufayli tergov ishda yangi ishtirokchilarni aniqlamoqda.

U gumonlanuvchilarning xatlangan aktivlari va ko‘chmas mulklari hajmi aqlga sig‘mas darajada ekanini taʼkidladi.

“Masalan, qo‘lga olinganlardan birining rafiqasi 50 million dollarlik xonadon sotib olgan. Shuningdek, har birining o‘zi yoki qarindoshlari nomiga rasmiylashtirilgan 50 dan ortiq xonadoni bor bir nechta amaldor hibsga olindi”, – dedi u.

Maslahatchi, shuningdek, hibsga olishga order berilgan ayrim gumonlanuvchilar mamlakat tashqarisida yoki Iroq Kurdistoni hududida yashirinishga uringanini maʼlum qildi. Uning qayd etishicha, mintaqa hukumati tergovga yordam ko‘rsatib, qidiruvdagi sakkiz kishini Bag‘dodga topshirgan.

U barcha korrupsiya ishlari ochiq sud jarayonlarida ko‘rib chiqilishini, musodara qilingan pul mablag‘lari va ko‘chmas mulk esa davlat g‘aznasiga o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.

Taʼkidlash joizki, iyun oyi boshida Iroq xavfsizlik kuchlari neft vaziri o‘rinbosari Adnon al-Jumayliyni qo‘lga olgan edi. Uning iqrorlik ko‘rsatmalari asosida Bag‘dodning hukumat idoralari va xorijiy diplomatik vakolatxonalar joylashgan “yashil hududi”da tintuvlar o‘tkazilib, korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan bir qancha yuqori martabali siyosatchilar va deputatlar hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, Iroq Prezidenti Nizor Amidiy joriy yil aprel oyida Ali az-Zaydiyni mamlakatning yangi Bosh vaziri etib tayinlagan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish