Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralarda AQSH Erondan tovon puli talab qilmoqda

Avgust 11, 2026. 17:00 • 2 daq

6
Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralarda AQSH Erondan tovon puli talab qilmoqda
“Reuters” agentligi surati

VASHINGTON–TEHRON, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Trampning Erondan tovon puli talab qilishi Hurmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishuvga erishish jarayonini yana-da murakkablashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Avvalroq, Tehron tinchlik kelishuviga erishish uchun qator shartlar, jumladan, tovon puli to‘lash, sanksiyalarni bekor qilish va AQSH tomonidan harbiy tahdidlarni to‘xtatish talablarini ilgari surgan edi. Mazkur shartlar iyun oyida erishilgan dastlabki kelishuvdagi ayrim qoidalarga mos kelgan, biroq keyinchalik ushbu kelishuv amalga oshmay qolgan.

“Biz 50 yil davomida yetkazilgan zarar uchun mablag‘ talab qilamiz”, – dedi Donald Tramp. Uning taʼkidlashicha, tovon puli mintaqada halok bo‘lgan tinch aholi va amerikalik harbiy xizmatchilar bilan bog‘liq zararni ham qamrab olishi kerak.

AQSH Prezidenti Eron Livan, Suriya, Yaman va G‘azoda insonlarning halok bo‘lishi bilan bog‘liq zarar uchun ham tovon to‘lashi lozimligini bildirdi. Bundan tashqari, u 2000-yilda Yamanda “USS Cole” kemasiga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lgan 17 nafar amerikalik harbiy xizmatchining oilalariga kompensatsiya to‘lashni talab qildi. Ayni paytda mazkur hujum uchun masʼuliyat Eronga emas, “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotiga yuklangan.

Hozirda Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali qatnovni tiklashning amaliy mexanizmlari bo‘yicha O‘mon bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiyning maʼlum qilishicha, ikki davlat bo‘g‘oz orqali o‘tadigan yangi dengiz yo‘lagi geografik koordinatalari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Biroq yo‘lakni ishga tushirish va boshqarish bilan bog‘liq ayrim masalalar hali yakuniy hal etilmagan.

Shu tariqa, Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralarda dengiz qatnovini tashkil etishga oid ayrim amaliy masalalarda siljish kuzatilgan bo‘lsa-da, AQSH va Eronning siyosiy talablari bo‘yicha kelishuvga hali erishilmagan.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish