Kiyevda “Sahrodagi Luvr” asoschisi faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Iyun 24, 2026. 13:00 • 2 daq
• 76KIEV, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi hamda Ukraina Milliy fanlar akademiyasining Jahon tarixi instituti davlat muassasasi hamkorligida taniqli san’atshunos va kolleksioner Igor Savitskiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning noyob madaniy merosini ommalashtirish hamda jahonda “Sahrodagi Luvr” nomi bilan tanilgan I.T.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyini yaratish va rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgan, asli kiyevlik taniqli san’atshunos va kolleksioner Igor Savitskiy faoliyatiga bag‘ishlandi.
Ushbu madaniy-diplomatik tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy auditoriyani mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi va madaniy turizmning yangi yo‘nalishlari bilan tanishtirish orqali O‘zbekistonning turizm salohiyatini ilgari surishdan iborat bo‘ldi.
O‘zbekiston elchisi Alisher Qurmanov ishtirokchilar oldida so‘zga chiqib, an’anaviy do‘stona O‘zbekiston–Ukraina munosabatlarini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. U urushdan jabr ko‘rgan hududlardagi ukrainalik bolalarni sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekistonning gumanitar tashabbuslarini qayd etib, mazkur dastur joriy yilda ham davom ettirilishini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi muzeyga bag‘ishlangan “Taqiqlangan san’at sahrosi” nomli hujjatli film hamda Ukrainaning birinchi xonimi Yelena Zelenskaya tashabbusi bilan muzeyda amalga oshirilgan ukrain tilidagi audiogid loyihasi haqidagi videomateriallar namoyish etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar va diplomatik korpus vakillari uchun an’anaviy o‘zbek taomlari taqdimoti tashkil etilib, dasturxonga o‘zbek palovi va boshqa milliy taomlar tortildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


