Suhayl Xon: O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari Boburiylar davriga borib taqaladi
Fevral 08, 2026. 10:30 • 3 daq
• 4
PEKIN, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Suhayl Xon “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi, ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari hamda rivojlanayotgan hamkorlik aloqalari xususida fikr bildirdi:
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari izchil mustahkamlanib, strategik sheriklikning eng yuqori darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi alohida o‘rin tutadi, u hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlariga alohida tus beradi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga rasmiy tashrifi nafaqat diplomatik tadbir, balki barcha ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishning kuchli drayveri va katalizatoriga aylanadigan muhim mintaqaviy voqeadir.
Oliy darajadagi rasmiy tashriflarning tez-tez bo‘lib turishi Toshkent va Islomobodning Boburiylar davridan boshlangan umumiy tarixga ega munosabatlarni chuqurlashtirishdan chin dildan manfaatdor ekanidan dalolat beradi.
Pokiston – O‘zbekiston ishonchli muloqotining markaziy elementi savdo-iqtisodiy aloqalardir. O‘zbekiston yetakchisining Pokistonga tashrifi, shubhasiz, ularga yangi, amaliy mazmun baxsh etishga qaratilgan.
O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston portlari bilan bog‘laydigan Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish Islomobod va Toshkent uchun strategik ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, tashrif yakunlari bo‘yicha bu borada yangi istiqbollar ochiladi.
Bundan tashqari, ishbilarmon doiralar vakillarining O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumida ishtirok etishi va eng muhimi, delegatsiyaning “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasiga yuqori darajada tashrif buyurishi rejalashtirilgani keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim omillardan biri bo‘ladi.
Shubhasiz, tashrif madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikka katta turtki beradi, uning markaziy elementi turizmdir. O‘zbekistonning noyob madaniy-tarixiy merosini Pokiston fuqarolari o‘rtasida targ‘ib qilishga alohida eʼtibor qaratiladi. Buxoro va Samarqand nafaqat qadimiy shaharlar, balki islom sivilizatsiyasi durdonalari, ziyoratgoh va maʼnaviy jozibador maskanlardir.
Hamkorlikning bugungi dinamikasini transport aloqalari ham aks ettiradi: mamlakatlarni haftasiga to‘rtta aviareys bog‘laydi. Bu O‘zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi ulkan salohiyati tufayli O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan pokistonlik sayyohlar soni tobora ortib bormoqda.
SHHT bosh kotibining Pokistondan bo‘lgan o‘rinbosari sifatida menga mamlakatlarimizning o‘zaro ishonch va manfaatdorlik, teng huquqlilik, madaniyatlar xilma-xilligini hurmat qilish, birgalikda rivojlanishga intilish kabi umumiy tamoyillarga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlik doirasidagi o‘zaro aloqalar masalalariga yondashuvlari o‘xshashligi yoqadi.
O‘zbekiston Pokistonning SHHTga to‘laqonli aʼzo sifatida kirishini nafaqat qo‘llab-quvvatlagan, balki 2024 yilda Islomobodda SHHT Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazishda faol ko‘maklashgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidentining rasmiy tashrifi, hech shubhasiz, ko‘p qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklik munosabatlarini barpo etish borasidagi o‘zaro intilishlarni tasdiqlaydigan muhim voqea bo‘ladi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va madaniy-turistik almashinuvlarni rivojlantirish bo‘yicha erishiladigan kelishuvlar kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. O‘z navbatida, belgilangan rejalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ushbu sheriklikni mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyotning asosiy o‘qlaridan biriga aylantiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan siyosatga nafaqat Pokiston hukumati vakillari, balki keng jamoatchiligi tomonidan ham samimiy hurmat va qiziqish bildirilayotganini alohida taʼkidlamoqchiman. Faol ichki o‘zgarishlar va vazmin tashqi siyosatni birlashtirgan belgilangan yo‘nalish yuqori bahoga loyiq.
Ishonchim komilki, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston mintaqadagi sheriklar bilan birgalikda nafaqat Markaziy Osiyo iqtisodiy taraqqiyotining lokomotiviga, balki barqarorlik va xavfsizlikning kafolatiga aylanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
